Millionlab yo‘lovchi yo‘li: Toshkent metrosi 10 yil ichida
Poytaxtda yo‘lga qo‘yilayotgan islohotlar katta. Ayniqsa, aholiga qulay, xavfsiz va ekologik toza jamoat transporti xizmat ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, o‘tgan 2024-yilda Toshkent metrosida 270,3 million yo‘lovchi manziliga yetkazilgan. Bu 2023-yilda tashilgan 172 million yo‘lovchiga nisbatan 98,3 million yoki 57,2 foiz ko‘p.
Yangi yo‘nalishlar, zamonaviy poyezdlar, qisqargan harakat intervallari, raqamli to‘lov tizimlari, mobil aloqa va yo‘lovchilar uchun yaratilgan yangi qulayliklar — bularning barchasi bir qarashda alohida-alohida o‘zgarishdek ko‘rinadi. Aslida esa ular bir jarayonning turli qismlari: Toshkent metropolitenining so‘nggi o‘n yillikdagi katta yangilanishidir. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz jamoat transporti aholi kundalik hayoti sifati, shaharlardagi harakat madaniyati, ekologiya va iqtisodiy faollik bilan bevosita bog‘liq muhim soha ekanini ta’kidlab, mutasaddilarga transport xizmatlari qulayligi va xavfsizligini oshirish, yo‘nalishlarni aglomeratsiya tamoyili asosida kengaytirish, sohada raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlar belgilab bergan.
Xo‘sh, o‘tgan yillar davomida metro qancha o‘zgardi va bu o‘zgarishlar oddiy yo‘lovchi hayotida qanday ahamiyatga ega?

Soha mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, 2016-yil Toshkent metrosida 29 ta bekat, 38 kilometrlik yo‘l mavjud bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 180–200 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan.
Toshkent metropoliteni 1977-yilda ishga tushgan. Qariyb 40 yil davomida uning tarmog‘i 29 ta bekat va 38 kilometr yo‘l bilan cheklangan edi. So‘nggi o‘n yilda esa vaziyat tubdan o‘zgardi. 33 kilometr yangi metro yo‘li qurildi, 21 ta yangi bekat foydalanishga topshirildi. Natija — bugun Toshkent metropoliteni 50 ta bekat, umumiy yo‘l uzunligi esa 71 kilometrdan iborat. Ya’ni yangi qurilgan metro yo‘llarining o‘zi avvalgi 38 kilometrlik tarmoqning qariyb o‘ziga teng. Bu shunchaki statistika emas. Metro endi shaharning avval xizmat ko‘rsatilmagan hududlariga ham kirib borganini anglatadi.
Metro endi faqat bir nechta yirik yo‘nalishni bog‘laydigan transport vositasi emas. U Toshkentdagi kundalik harakatning asosiy tayanchlaridan biriga aylanib bormoqda. Ammo milliondan ortiq yo‘lovchini tashish uchun faqat yangi bekatlarning o‘zi kifoya qilmaydi. Buning ortida yana bir katta o‘zgarish bor — poyezdlar.

“Temir yurak” ham yangilandi
Yo‘lovchilar ko‘paygani sari harakat tarkibini yangilash zarurati ham ortdi. Avval metropolitenda 40 ta eski turdagi poyezd tarkibi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda 55 ta yangi zamonaviy poyezd tarkibi xarid qilindi. 2026-yilning o‘zida yana 14 ta zamonaviy poyezd olib kelinib, foydalanishga topshirildi. Bugun metropolitenda jami 91 ta poyezd tarkibi mavjud. Shundan 55 tasi yangi zamonaviy tarkiblar.
Demak, o‘zgarish faqat relslarda emas. Metroning yo‘lovchini tashiydigan asosiy vositasi — poyezdlarning o‘zi ham yangilanmoqda. Metrodagi o‘zgarishlarning eng yaxshi ko‘rsatkichlaridan biri — bekatda poyezd kutish vaqti. Chunki yo‘lovchi uchun yangi kilometrlar yoki texnik ko‘rsatkichlardan ko‘ra, poyezd qancha vaqtda kelishining ahamiyati katta.
Tig‘iz vaqtlarda:
— Chilonzor yo‘nalishida 2021-yildagi 5 daqiqalik interval bugun 1,5–2 daqiqagacha qisqargan;
— O‘zbekiston yo‘nalishida 6 daqiqadan 3 daqiqaga;
— Yunusobod yo‘nalishida 11 daqiqadan 4 daqiqaga;
— Yer usti halqa yo‘nalishida esa 12 daqiqadan 8 daqiqaga tushgan.
Metro infratuzilmasidagi o‘zgarishlarning yana bir qismi yo‘lovchiga bevosita seziladi.
“Xalqlar do‘stligi”, “Novza”, “Mustaqillik maydoni”, “Paxtakor” va “Hamid Olimjon” bekatlaridagi eskalatorlar zamonaviylashtirildi. Bir qator bekatlarda ona va bola xonalari hamda jamoat hojatxonalari tashkil etildi. Ular orasida “Chilonzor”, “Paxtakor”, “Buyuk ipak yo‘li”, “Amir Temur xiyoboni”, “Beruniy”, “Do‘stlik”, “Chorsu”, “Mustaqillik maydoni”, “Olmazor”, “Bodomzor” va “Chinor” bekatlari bor. Bu kabi o‘zgarishlar metroning faqat transport emas, balki yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish muhiti sifatida ham qaralayotganini ko‘rsatadi.
Yer ostida ham bemalol qo‘ng‘iroqlashishingiz mumkin
Bir necha yil avval metro tunneliga kirgan odam uchun mobil aloqaning uzilishi odatiy hol edi. Bekatlarda Wi-Fi xizmatlari yo‘lga qo‘yildi, tonnellarda mobil aloqa imkoniyatlari kengaytirildi. Mobiuz va Ucell abonentlari uchun yer ostida ham mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari yo‘l haqini to‘lash tizimi ham raqamlashdi. Bank kartalari, mobil ilovalar, ATTO, Face Pay va Palm Pay kabi to‘lov usullari kundalik foydalanishga kirib keldi. Shunday qilib, metroning «raqamli» qismi ham yo‘lovchining har kuni sezadigan infratuzilmaga aylanmoqda.
Metro quyoshdan energiya olmoqda
Metropolitendagi ayrim o‘zgarishlar esa yo‘lovchi ko‘ziga deyarli tashlanmaydi. Masalan, elektr depolarida quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Ular ishlab chiqargan elektr energiyasi metropolitenning ichki ehtiyojlariga sarflanadi, ortiqcha qismi esa elektr tarmog‘iga sotilishi mumkin. Hatto metro xodimlari quyosh panellarini tozalash uchun maxsus moslama ishlab chiqqan. Bu yerda gap faqat muqobil energiya haqida emas. Yo‘lovchilar soni milliondan oshgan tizimda energiya samaradorligi ham iqtisodiy jihatdan muhim masalaga aylanadi.
Keyingi manzil — 103 kilometr yo‘l
O‘n yillik natijalarning o‘zi katta. Ammo metro rivoji shu yerda to‘xtamaydi. 2030-yilgacha Toshkent metropoliteni tarmog‘ini 79 ta bekat va 103 kilometrga yetkazish, kunlik yo‘lovchilar oqimini 1,8 million nafargacha oshirish hamda poyezdlar harakat intervalini 2–3 daqiqagacha qisqartirish maqsad qilingan. Agar bu rejalar amalga oshsa, bugungi 71 kilometrlik metro tarmog‘i yana 32 kilometrga uzayadi.
Yer ostidagi shahar rivojlanishda davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA