Kasblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi
Yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Guliston shahrida «Kelajak tadbirkori – 2026» kasblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Hunarmandlar maskanida tashkil etilgan tadbirda talaba va yoshlar, ish izlovchilar, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi fuqarolar, ish beruvchilar, tijorat banklari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Ko‘rgazma Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, «O‘zmilliybank» AJ, bankning «Kelajakka qadam» markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir avvalida mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zamonaviy kasblarni o‘rgatish, ta’lim olishi, ish bilan ta’minlanishi va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida videolavha namoyish etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Faxriddin Qo‘shoqov hamda «O‘zmilliybank» AJning «Kelajakka qadam» markazi rahbari Elmurod Hoshimovlar so‘zga chiqishdi.
Tadbirda yoshlar bandligini ta’minlash, ularning biznes g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida joriy etilayotgan yangi mexanizmlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi «Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida «Kelajakka qadam» dasturi yo‘lga qo‘yildi. Dastur doirasida bitiruvchilarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish, tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lgan yoshlarning biznes g‘oyalarini loyihaga aylantirish hamda ularni qulay shartlarda moliyalashtirish mexanizmlari nazarda tutildi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar 2026-yilda ham yangi yondashuvlar asosida davom ettirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyundagi «Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan «Yoshlar biznesi» va «Kelajakka qadam» dasturlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, ular doirasida yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etildi.
Qarorga muvofiq, «O‘zmilliybank» AJ tomonidan «Kelajakka qadam» dasturi doirasida «Kelajak tadbirkori» loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi talaba va yoshlarga 20 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish, faoliyatini kengaytirish uchun 2 milliard so‘mgacha, talaba va yoshlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlariga esa 10 milliard so‘mgacha kredit berish imkoniyatlari ko‘zda tutilgan.
[gallery-31503]
Ko‘rgazmada viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan hududdagi 400 ga yaqin korxona va tashkilotda mavjud 3 ming 900 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni ishtirokchilarga taklif qilindi.
Ish izlovchilar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilishib, mavjud vakansiyalar, ularga qo‘yiladigan talablar va mehnat sharoitlari bilan tanishdi. Mos nomzodlar uchun shu yerning o‘zida suhbatlar tashkil etildi.
Ko‘rgazmada Kambag‘allikni qisqartirish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqadan samarali foydalanish kabi yo‘nalishlarda ajratiladigan subsidiya, ssuda va imtiyozli kreditlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, belgilangan toifaga kiruvchi fuqarolar uchun kredit foizlarining jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanishi tartibi tushuntirildi.
Ish izlovchilar uchun raqamli imkoniyatlardan foydalanishga ham e’tibor qaratildi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ishga tushirilgan «Osonish.uz» platformasi ishtirokchilarga tanishtirildi. Talabgorlarning rezyumelari platformaga joylashtirilib, zarur xodim qidirayotgan ish beruvchilar bilan bevosita suhbatlar tashkil etildi. O‘tkazilgan muloqotlar natijasida 25 ga yaqin ish izlovchiga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida «Bo‘sh ish o‘rinlari va amaliyotlar», «Real ish beruvchilar bilan uchrashuv», «Tadbirkorlik va moliyaviy imkoniyatlar» yo‘nalishlarida maydonchalar tashkil etildi.
Ishtirokchilar bu yerda ish beruvchilar bilan uchrashish, bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar haqida ma’lumot olish, tijorat banklari vakillaridan kredit va moliyaviy resurslar bo‘yicha maslahat so‘rash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar uchun biznes loyihalarini shakllantirish, moliyaviy manbalardan foydalanish va o‘z g‘oyalarini amalga oshirish bo‘yicha zarur tushuntirishlar taqdim etildi.
Ko‘rgazmaning yana bir muhim qismi talaba yoshlar, bank vakillari hamda Sirdaryoda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokidagi ochiq muloqot bo‘ldi. Unda «O‘zmilliybank» AJning «Kelajakka qadam» markazi rahbari Elmurod Hoshimov, Guliston shahridagi «Mili teks Sirdaryo» MCHJ rahbari Shavkatjon Jalilov, «Doniyorova Aziza» YATT rahbari Aziza Doniyorova hamda «Betonsanoat» MCHJ rahbari Hilola Obidovalar ishtirok etishdi.
Tadbirkorlar yoshlar bilan o‘z tajribalarini o‘rtoqlashib, biznesni boshlashdagi dastlabki qadamlar, bozor talabini o‘rganish, moliyaviy hisob-kitoblarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va faoliyat davomida uchraydigan qiyinchiliklar haqida so‘z yuritishdi.
Ochiq muloqot davomida yoshlarning tadbirkorlik, biznes va startap loyihalariga oid savollariga javob berildi. Istiqbolli g‘oyalarni amalga oshirish, moliyaviy resurslardan foydalanish va hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalar aytildi.
Ko‘rgazma doirasida ijtimoiy yo‘nalishdagi tashabbuslarga ham e’tibor qaratildi. Sirdaryo viloyati hokimligi, Markaziy bank, «O‘zmilliybank» AJ hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamkorligida inklyuziv auksion tashkil etildi.
Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi imkoniyati cheklangan bolalar ta’lim muassasalari o‘quvchilari, «Nurli maskan» maktab-internati hamda «Ayollar g‘amxo‘rlik markazi» tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan san’at asarlari va qo‘l mehnati namunalari savdoga qo‘yildi.
Auksion «Kelajak tadbirkori – 2026» kasblar ko‘rgazmasi doirasida qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Ochiq muloqot yakunida «O‘zmilliybank» AJning «Kelajakka qadam» markazi tomonidan bank mijozi bo‘lgan faol tadbirkorlar, shuningdek, tadbirkorlik qilish istagidagi va startap loyihalariga ega yoshlar taqdirlandi.
Umuman, «Kelajak tadbirkori – 2026» kasblar ko‘rgazmasi yoshlar va ish izlovchilar uchun mavjud imkoniyatlarni bir joyda ko‘rish, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, kasbiy yo‘nalishini belgilash, tadbirkorlikni boshlash uchun moliyaviy manbalar haqida ma’lumot olish va biznes g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha maslahatlar olish imkonini berdi. Ko‘rgazmada taqdim etilgan 3 ming 900 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni va 25 ga yaqin ish izlovchiga berilgan yo‘llanma esa tadbirning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA