Ish beruvchi talabalar huzurida
Jizzax politexnika institutida ta’lim bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlash, yoshlarning bandligini ta’minlash va sanoat korxonalari uchun salohiyatli kadrlarni tanlashga qaratilgan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda “SINOMA Wind Power Blade Central Asia” MCHJ XK vakillari, institut rahbariyati mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda korxona vakillari talabalarni qiziqtirayotgan muhim masalalarga oydinlik kiritdi. Jumladan, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish talablari, mehnat faoliyatini boshlash shartlari va yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
[gallery-31491]
Muloqotning amaliy ahamiyati shundaki, talaba-yoshlar ish beruvchi bilan bevosita muloqot qilish, o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Uchrashuv yakunida nomzodlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning kasbiy salohiyati va mavjud bilimlari ko‘rib chiqildi.
Eng muhimi, suhbat natijasida 10 nafar talaba-yoshni ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa ta’lim jarayonida egallangan nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash, yoshlarning mehnat bozoriga kirib borishi uchun zarur tajriba to‘plashi va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat boshlashiga xizmat qiladi.
Bugun ta’lim muassasasi bilan ish beruvchi o‘rtasidagi bunday ochiq muloqotlar yoshlar uchun shunchaki uchrashuv emas, balki kelgusi kasbiy faoliyat sari muhim qadamdir. Zero, malakali kadr tayyorlashning samarasi uning zamonaviy ishlab chiqarish talablariga qanchalik mos kelishi bilan ham belgilanadi.
Mazkur hamkorlik talaba-yoshlar bandligini ta’minlash bilan bir qatorda, sanoat korxonalarini zarur bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar bilan ta’minlashga ham zamin yaratadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari