Amaliy o‘q otish mashg‘ulotlari o‘tkazildi
Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi xodimlarining jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda turli vaziyatlarda tezkor va aniq harakat qilish qobiliyatini rivojlantirish maqsadida amaliy o‘q otish mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugining “Yangiariq” umumqo‘shin poligonida tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar davomida xodimlarga o‘qotar qurollarning tuzilishi, ulardan xavfsiz foydalanish qoidalari hamda qurol bilan muomala qilish tartibi yuzasidan nazariy tushunchalar berildi.

Shundan so‘ng xodimlar “9 mm PM Makarov” to‘pponchasi hamda “5,45 mm AKS-74U Kalashnikov” avtomati bilan ishlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.

Amaliy o‘q otish jarayonida xodimlarning qurol bilan ishlash ko‘nikmalari, xavfsizlik talablariga rioya qilishi, shuningdek, belgilangan topshiriqlarni aniq va mas’uliyat bilan bajarishi sinovdan o‘tkazildi.

Bunday amaliy mashg‘ulotlar bojxona xodimlarining xizmatga tayyorgarligini yanada oshirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda xizmat intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri