“Men tanigan O‘zbekiston” – Yangi O‘zbekiston xorijlik olim nigohida
Keyingi o‘n yil davomida mamlakatimizda kechayotgan tub ijobiy yangilanish jarayonlari ona-O‘zbekistonimizni jahon hamjamiyatiga yangicha qiyofada, yanada taraqqiy etgan, ulkan marralar sari dadil odimlayotgan davlat sifatida namoyon etmoqda. Bu jihatlarni ko‘plab olimlar, davlat va jamoat arboblari, siyosatshunoslar, ekspertlar e’tirof etmoqda.
Turkiyalik taniqli adib, olim va jamoat arbobi doktor Kemal Yavuz Atamanning yaqindagina nashrdan chiqqan “Men tanigan O‘zbekiston” nomli kitobi ham fikrimizning yana bir yorqin dalilidir.
Mazkur asarda O‘zbekistonning qadimiy tarixi, boy ma’naviy merosi, turkiy-islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, buyuk allomalari va davlatchilik an’analari haqida so‘z yuritiladi.
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosati hamda mamlakatimiz taraqqiyot yo‘li haqidagi muallifning xolis fikr-mulohazalari bayon etilgan.
Muallif o‘zining ko‘p yillik kuzatuvlari, ilmiy izlanishlari va O‘zbekistonga tashriflari asosida mamlakatimizning kechagi tarixi, bugungi taraqqiyoti va istiqboldagi maqsadlarini xorijlik ziyoli nigohi orqali yoritadi.
Kitob o‘zbek va turk tillarida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining taklifi asosida “Ma’rifat elchilari” loyihasi doirasida tayyorlandi.
“Men tanigan O‘zbekiston” kitobi mamlakatimiz haqida xalqaro ilmiy-ma’rifiy qarashlarni boyituvchi, O‘zbekistonning tarixi, buguni va kelajagini chuqurroq anglashga xizmat qiluvchi muhim manbalardan biridir.
N.Usmonova, O‘zA