Mehnat qadrlangan joyda baraka bo‘ladi
Yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, qishloq joylarda daromad manbalarini ko‘paytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda tomorqa xo‘jaliklari hamda chorvachilik muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, mehnatni qadrlaydigan, har bir qarich yerdan va har bir imkoniyatdan unumli foydalanadigan xonadonlar nafaqat o‘z oilasi, balki mahalla taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shishmoqda. Buxoro viloyatidagi Qorako‘l tumanining Darg‘ali mahallasi ana shunday mehnatkash insonlari bilan e’tiborga loyiq maskanlardan biridir.
Darg‘ali mahallasida bugungi kunda 905 ta xonadonda 1 213 ta oila istiqomat qiladi. Aholining asosiy qismi chorvachilik, dehqonchilik, tomorqa va issiqxona xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Mahallada har bir xonadon o‘z imkoniyatidan samarali foydalanib, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali daromadini oshirishga intilmoqda.
Shunday ibratli oilalardan biri — Xudoyberdi Oltiboyev xonadonidir. Ko‘p yillik mehnat va tajriba natijasida ular chorvachilikni oilaviy daromadning mustahkam manbaiga aylantirgan. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan og‘ilxonada bugun 10 bosh naslli qoramol parvarishlanmoqda. Har bir jonivorning ozuqa ratsioni, veterinariya nazorati va parvarishiga alohida e’tibor qaratilishi yuqori samaradorlikni ta’minlamoqda.
— Mol boqayotgan oila hech qachon kam bo‘lmaydi. Yoshligimizdan chorvachilikka mehr qo‘yganmiz. Naslli qoramollarni ko‘paytirish, ularni sifatli parvarishlash va to‘g‘ri oziqlantirish orqali mehnatimiz samarasini ko‘ryapmiz. Mehnatning ortidan baraka keladi, — deydi Xudoyberdi Oltiboyev.

Bu so‘zlar ortida yillar davomida to‘plangan hayotiy tajriba va halol mehnat falsafasi mujassam. Chunki chorvachilik nafaqat daromad manbai, balki oilaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi muhim tarmoq hamdir.
Tahlillarga e’tibor qaratilsa, bitta chorvachilik xo‘jaligi orqali oila sut, qatiq, qaymoq, sariyog‘, suzma kabi tabiiy mahsulotlar bilan to‘liq ta’minlanadi. Bo‘rdoqiga boqilgan qoramollar esa go‘sht mahsulotlari va qo‘shimcha daromad manbaini yaratadi. Bu esa bozordan xarajatlarni qisqartirish bilan birga, oilaning iqtisodiy barqarorligini ham mustahkamlaydi.

Darg‘ali mahallasida bugun tomorqadan unumli foydalanish, issiqxona tashkil etish va chorvachilikni rivojlantirish oddiy mashg‘ulot emas, balki hayot tarziga aylangan. Mahalla aholisi mehnat orqali farovonlikka erishish mumkinligini amaliy misollarda namoyon etmoqda. Bu yerda har bir tomorqa daromad manbai, har bir og‘ilxona esa oila kelajagiga xizmat qilayotgan kichik iqtisodiy loyihaga aylangan.
Eng ahamiyatlisi, bunday tashabbuskor xonadonlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu esa mahallada yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, aholi bandligining ta’minlanishiga, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining ko‘payishiga hamda qishloq aholisi turmush darajasining yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Darg‘ali mahallasidagi mehnatkash insonlar faoliyati bir haqiqatni yana bir bor isbotlamoqda: farovonlik tasodif emas, balki halol mehnat, sabr-toqat va oqilona rejalashtirish samarasidir. Xudoyberdi Oltiboyev kabi fidoyi insonlar tajribasi yurtimizning boshqa mahallalari uchun ham ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Zero, mehnat qadrlangan joyda baraka, baraka bo‘lgan joyda esa taraqqiyot va farovon hayot barqaror bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri