Mehnat jamoasida xodim "siyosiy qarashlari" uchun kamsitilmaydi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.
Xususan, deputatlar “Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunchilik taklifini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Qayd etilganidek, mazkur qonunchilik taklifi xalqaro mehnat standartlarini milliy qonunchilikka joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Senati tomonidan ishlab chiqilgan.

4 ta moddadan iborat qonun loyihasi bilan Mehnat kodeksiga qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish sifatida baholanadigan holatlar doirasi kengaytirilib, "terisining rangi" hamda "siyosiy qarashlari" kabi belgilar bilan to‘ldirilmoqda. Ya’ni, inson terisining rangi va siyosiy qarashlari sababli mehnat va mashg‘ulot sohasida biror-bir cheklov va imtiyozlar berilishi kamsitish, deb belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, mehnat jamoalarida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmasligi, ish beruvchining esa bunday holatlardan xoli xavfsiz va sog‘lom muhitni yaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish majburiyati belgilanmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar loyihadagi normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonunchilik taklifi xodimlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, mehnat munosabatlarida tenglik va adolat tamoyillarini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, milliy qonunchilikni xalqaro mehnat standartlariga uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA