Markaziy bank: xorijiy obligatsiyalar hajmi 2,8 mlrd. dollarga yetdi
O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari 2026-yil may oyi yakunlariga ko‘ra 70,58 mlrd. dollarni tashkil etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich aprel oyiga nisbatan 307,2 mln. dollar yoki 0,44 foizga kamaygan.
Zaxiralarning asosiy qismini tashkil etuvchi oltin aktivlari qiymati ham pasaydi. May oyi davomida oltin zaxiralarining qiymati 156 mln. dollarga kamayib, 61,43 mlrd. dollarga tushdi. Shu bilan birga, uning jismoniy hajmi o‘sishda davom etib, 13,6 mln. troy unsiya yoki 423 tonnaga yetdi.
Qayd etilishicha, oltin qiymatining kamayishiga jahon bozorlaridagi narxlar dinamikasi ta’sir ko‘rsatgan. May oyida qimmatbaho metall kotirovkalari 3,3 foizga arzonlashgan.
Natijada, mamlakat oltin zaxiralarining hajmi oshgan bo‘lsa-da, ularning umumiy qiymati qisqargan.
Shuningdek, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari ham may oyida 150 mln. dollarga kamayib, 8,57 mlrd. dollarni tashkil etdi. Boshqa banklarda saqlanayotgan naqd valyuta va depozitlar hajmi esa qariyb 20 foizga qisqarib, 5,72 mlrd. dollarga tushgan.
Markaziy bank zaxiralar tarkibini diversifikatsiya qilish siyosati doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlarga sarmoyalarni ko‘paytirishda davom etmoqda.
May oyi yakuniga kelib, xorijiy qimmatli qog‘ozlar portfeli 84 foizga o‘sib, 2,85 mlrd. dollarga yetdi. Natijada ularning umumiy xalqaro zaxiralardagi ulushi 4 foizni tashkil qildi.
Bu Markaziy bankning keyingi yillardagi eng yirik investitsiya qarorlaridan biri sifatida baholanmoqda. Avvalroq, 2025-yil noyabr oyida ham regulyator tomonidan taxminan 500 mln. dollarlik AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari xarid qilingan edi.
Ma’lumot uchun, joriy yil aprel oyida ham xalqaro zaxiralar hajmi 8,09 mlrd. dollarga yoki qariyb 10 foizga qisqarib, 68,99 mlrd. dollarni tashkil etgan edi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA