Kimyo sanoatida hamkorlik va investitsiya muhiti kengaymoqda
"Chirchiq" kimyo-industrial texnoparkida “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv doirasida kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaning investitsiya salohiyati hamda yangi ishlab chiqarish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
Unda boshqaruv raisi o‘z nutqida sanoatini rivojlantirishda investitsiyalarni jalb qilish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, hududlarda yangi sanoat quvvatlarini shakllantirish va ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlash orqali tarmoq raqobatbardoshligini oshirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Aytish joizki, tadbir ishtirokchilari uchun mavjud imkoniyatlar, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashish uchun amaliy muloqot maydoni yaratildi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonlarida hamkorlikni mustahkamlash va hududlar sanoat salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar muhokama markazida bo‘ldi.

Shu nuqtai nazardan, uchrashuv chog‘ida zamonaviy sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada kengaytirishga qaratilgan amaliy takliflar muhokama qilindi.
Tadbirning amaliy qismida ishtirokchilar texnopark hududida yaratilgan shart-sharoitlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda rezident korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA