O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasida yangi tashabbuslar bilan chiqdi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Aloqa sohasidagi Hududiy hamdo‘stlik va MDHning Axborotlashtirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashining qo‘shma yig‘ilishida rais sifatida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda xalqaro telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda xalqaro tashkilotlar bilan muvofiqlashtirilgan faoliyatni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, 2026-yilda o‘tkaziladigan Xalqaro elektr aloqa ittifoqi Vakolatli konferensiyasiga tayyorgarlik ishlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan 2028-yilda Samarqand shahrida Telekommunikatsiyalarni standartlashtirish butunjahon assambleyasini o‘tkazish tashabbusi taqdim etildi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz tomonidan 2027–2030-yillar uchun XEI Kengashi hamda Radioreglamentar qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi nomzodlari ilgari surildi.
Yig‘ilishda raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish, nogeostatsionar sun’iy yo‘ldosh tizimlarini keng joriy etish va ularni mobil aloqa tarmoqlari bilan integratsiya qilish masalalari ham muhokama qilindi. Bu yo‘nalish aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini yuqori sifatli raqamli xizmatlar bilan ta’minlash, shuningdek, aloqa tarmoqlarining barqarorligi va qamrovini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish kun tartibining asosiy masalalaridan biri sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish masalasi muhokama qilinib, ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda O‘zbekistonning xalqaro telekommunikatsiya va raqamli rivojlanish sohasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi hamda mamlakatimizning mintaqaviy raqamli hamkorlikni shakllantirishdagi faol roli alohida qayd etildi.
Yakunda xalqaro va hududiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun ASHH tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan vazir hamda vazirlik va tizim tashkilotlari rahbar hamda xodimlari orden, medal, faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA