Mehnat — imkoniyat eshigi
Inson uchun eng og‘ir to‘siq ba’zan jismoniy cheklov emas, balki unga imkoniyat berilmasligidir. Imkoniyat bor joyda esa inson o‘zini namoyon etadi, mehnati bilan qadr topadi, oilasiga naf keltiradi. Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Eski Olot” mahallasida yo‘lga qo‘yilgan ishlar ana shu haqiqatning hayotiy isbotidir.
Tumandagi “Eski Olot” mahallasida bugun 3 800 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 141 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar hisoblanadi. Mahallada ana shu insonlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularni e’tibordan chetda qoldirmaslik, ehtiyojlarini o‘rganish va zarur ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahalla ijtimoiy xodimi Zubayda Shukurova tomonidan olib borilayotgan manzilli ishlar zamirida oddiy, ammo juda muhim maqsad mujassam: har bir insonning dardini eshitish, uning imkoniyatini ko‘rish va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish.
Mahallada faoliyat yuritayotgan tikuv sexida ayni paytda 10 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar mehnat qilmoqda. Bu raqamni shunchaki statistika sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Zero, har bir raqam ortida bir insonning taqdiri, bir oilaning orzusi, bir ayolning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi bor.
Tikuv sexida ular uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilgan. Bu esa nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning nafaqat bandligini ta’minlamoqda, balki o‘z qobiliyatini namoyon etishi, jamoaga qo‘shilishi va oilaviy daromadini oshirishi uchun ham keng imkoniyat yaratmoqda.
E’tiborli jihati, korxonada nogironligi bo‘lgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlash faqat ish bilan ta’minlash bilangina cheklanib qolmagan. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan xodimlarga psixologik ko‘mak ko‘rsatish maqsadida korxonaga subsidiya ajratilgan. Bu esa ijtimoiy himoyaning zamonaviy mazmunini yaqqol ko‘rsatadi. Ya’ni insonga faqat moddiy yordam berish emas, balki uning ruhiy holati, jamoaga moslashishi, o‘z kuchiga ishonishi va mustaqil hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni ham yaratish muhim.

Ular orasida Barchinoy Ayto‘g‘diyoyeva ham bor. Eshitish va gapirishidagi muammolar tufayli u uzoq yillar davomida doimiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullana olmagan. Hayotda o‘z o‘rnini topish, o‘z mehnati bilan oilasiga naf keltirish imkoniyati esa uning uchun oson kechmagan. Bugun esa vaziyat butunlay boshqacha. Barchinoy tikuv sexida mehnat qilmoqda. Uning qo‘lida hunar, ko‘nglida ishonch, oilasiga esa o‘z mehnati orqali kirib kelayotgan daromad bor.
Eng muhimi, u endi o‘zini jamiyatdan chetda his qilmaydi. Barchinoy uchun mehnat — shunchaki ish joyi emas. U o‘z qadrini his qilish, o‘z imkoniyatlarini namoyon etish, odamlar orasida bo‘lish va ertangi kunga ishonch bilan qarash imkoniyatidir.
Ba’zan bir insonga berilgan ish joyi uning butun hayotiga o‘zgarish olib kelishi mumkin. Chunki mehnat insonga nafaqat daromad, balki qadr-qimmat, ishonch va mustaqillik hissini ham beradi.
Sexda yo‘lga qo‘yilgan psixologik xizmat ham alohida ahamiyatga ega. Yangi ish muhitiga moslashish, jamoa bilan muloqot qilish, ish jarayonida yuzaga keladigan qiyinchiliklarni yengib o‘tish — har qanday inson uchun muhim jarayon. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun esa bunday qo‘llab-quvvatlash yanada katta ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda psixologik xizmat xodimlarning o‘z qobiliyatiga ishonchini mustahkamlash, jamoada o‘zini erkin his qilishi va mehnat jarayonida faol ishtirok etishiga ko‘mak bermoqda. Bu — ijtimoiy himoyada “yordam berish”dan “imkoniyat yaratish”ga o‘tilayotganining amaliy ko‘rinishidir.
Bugun mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib hayot va mehnat sharoitlarini yaratish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan.

Davlat rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati ham shunda — insonni faqat yordam oluvchi sifatida emas, balki o‘z salohiyati, qobiliyati va mehnatiga ega faol shaxs sifatida qo‘llab-quvvatlash.
“Eski Olot” mahallasidagi tajriba ana shu siyosatning quyi bo‘g‘indagi amaliy ifodasidir. Bu yerda insonning imkoniyati cheklanish emas, balki unga yaratilishi lozim bo‘lgan sharoit nuqtai nazaridan baholanmoqda.
“Eski Olot”dagi tikuv sexi faoliyati bir haqiqatni yana bir bor namoyon etmoqda: insonga imkoniyat berilsa, u o‘z hayotini o‘z qo‘li bilan o‘zgartira oladi.
Bugun bu yerda mehnat qilayotgan xotin-qizlar nafaqat ishlashmoqda, balki o‘z oilalariga daromad olib kelishmoqda, yangi ko‘nikmalarni egallashib, o‘zlarining jamiyat uchun kerakli inson ekanligini amalda isbotlashmoqda..
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri