Qimmatli qog‘ozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibi belgilandi
Adliya vazirligi qimmatli qog‘ozlar emitentlari reytingini yuritish bo‘yicha yangi tartibni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ushbu hujjat bozorda shaffoflikni oshirib, aksiyadorlar huquqini qanday himoya qiladi?
Adliya vazirligi tomonidan Qimmatli qog‘ozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
2026-yil 17-sentabrda imzolangan mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, qimmatli qog‘ozlar emitentlarining faoliyatini baholovchi reytingni yuritish hamda ushbu reyting asosida tegishli ta’sir choralarini qo‘llash tartibini belgilaydi.
Emitentlar reytingi har chorak natijasi bo‘yicha Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladi va Korporativ axborot yagona portalida (openinfo.uz) ochiq e’lon qilinadi.
Reyting natijalari hisobot choragidan keyingi ikkinchi oyning dastlabki 10 kunligida e’lon qilinadi hamda emitentlarga bu haqida shaxsiy kabinet orqali xabar yuboriladi.
Bunda, emitentlar reytingi 7 ta mezon bo‘yicha berilgan ballar yig‘indisiga ko‘ra aniqlanadi.
To‘plangan ballar yig‘indisiga ko‘ra, emitentga “A” , “B”, “C”, “D” toifalardan biri beriladi.
Ushbu toifalarga ko‘ra emitentlarga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin hamda ushbu ta’sir choralarini amal qilish muddati 3 oy hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, nizomning qabul qilinishi emitentlar faoliyatining shaffofligini oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozorida aksiyadorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Sherbek Islomov, O‘zA