Ovchilik sohasida davlat nazorati kuchaytirildi
Hayvonot va o‘simlik dunyosini asrab-avaylash, ularning noyob turlarini saqlash va ko‘paytirish dolzarb masala hisoblanadi. Biroq, ov resurslaridan foydalanishda yagona va shaffof hisob-kitob tizimi to‘liq shakllanmagani ayrim hududlarda noqonuniy ov qilish bilan bog‘liq holatlar uchrashiga sabab bo‘lgan.
2026-yil 10-sentabrda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan bu kabi holatlarga chek qo‘yilmoqda.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev mazkur qonun bilan joriy etilayotgan yangi normalar haqida so‘zlab berdi:

– Aytib o‘tish kerakki, 2025-yilda 18 ov xo‘jaligining 433 ming gektar ov qilish joylarini berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarning amal qilish muddati tugagan bo‘lsada, noqonuniy ravishda ovchilik bilan shug‘ullanish, ov qilishga noqonuniy ruxsatnomalarni sotish holatlari uchragan.
Ov yo‘llanmalari belgilanmagan hududlarga berilgani holati ham uchrab turibdi. 2025-yil davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish bilan bog‘liq 1 ming 97 holatda 1 ming 68 nafar shaxsga nisbatan choralar ko‘rilib, ularga 4,2 milliard so‘m jarima qo‘llanilgan.
Shu nuqtai nazardan, ov qilishni tartibga solish va ov xo‘jaliklarini rivojlantirish nafaqat iqtisodiy, balki ekologik xavfsizlik masalasidir.
Yangi qonun Davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-iyuldagi “Respublikada ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Qonun bilan bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, “Qurol to‘g‘risida”gi qonunga ovchilik guvohnomasi berish vakolatini ovchilar jamoat birlashmalaridan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga o‘tkazishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi. “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga ham qator qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritildi.
Endilikda ov qilish qoidalari va ov qilish joylarida ov qilish tartibi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Ovchilik guvohnomasi maxsus o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2 yil muddatga beriladi.
Ovchilik yo‘llanmasi (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) ovchilarga: maxsus elektron dastur orqali ovchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan ov qilish joylarida – ovchilik xo‘jaliklarining egalari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan, erkin ov qilish joylarida – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan beriladi.
Ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlardan hamda o‘rmon fondi yerlaridan 10 gektargacha yer uchastkasi ovchilik bazalari va 100 gektargacha yer uchastkasi pitomniklar barpo etish uchun bitta lot sifatida investitsiyaviy hamda shartnomaviy majburiyatlar belgilangan holda yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali 49 yil muddatga uch bosqichda ajratiladi.
Birinchi bosqichda - 10 yil muddatga, investitsiyaviy va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish natijalariga ko‘ra ikkinchi bosqichda - 10 yil muddatga, uchinchi bosqichda - 29 yil muddatga ijara huquqi asosida ajratiladi.
Bunda, 2 yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror ko‘paytirish uchastkasi tashkil etilmasa, ijara shartnomasi bekor qilinishi mumkin.
Qonun ov qilish va ovchilar tayyorlash tartibini tizimlashtirish va takomillashtirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq qilish, ovchilik xo‘jaliklarida bioxilma-xillikni ko‘paytirish, ov turizmi infratuzilmasini rivojlantirish orqali mahalliy aholini ish bilan ta’minlash uchun imkoniyatlar yaratadi.
Ovchilik sohasida yagona va shaffof huquqiy mexanizm yaratiladi va sohada davlat nazorati kuchaytiriladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA