Yoshlar korrupsiyaga qarshi
Shifokorlik inson hayoti va salomatligini ishonib topshiradigan eng sharafli, shu bilan birga ulkan mas’uliyat talab etadigan kasbdir. Bu sohada halollik va poklik havodek zarur. Ayni kunlarda Urganch davlat tibbiyot institutida “Yoshlar korrupsiyaga qarshi” shiori ostida o‘tkazilayotgan keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari ham talaba-yoshlar qalbida ana shu ezgu fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tashkil etilgan uchrashuvda korrupsiyaviy huquqbuzarliklar, manfaatlar to‘qnashuvi, murojaat qilish tartibi va sohaga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablari yuzasidan tushunchalar berildi.

– Bilasizmi, tibbiyot sohasini tanlagan har bir talaba avvalo inson kamoloti va salomatligi uchun kurashishni maqsad qiladi, – deydi talaba Gulshoda Abdullayeva. – Bugungi uchrashuv biz uchun shunchaki nazariy ma’ruza bo‘lmadi, balki kelajakdagi kasbiy faoliyatimiz poydevorini halollik bilan qurish zarurligini yana bir bor anglatdi. Uchrashuvda manfaatlar to‘qnashuvi, murojaat qilish mexanizmlari va qonunchilikdagi yangiliklar haqida juda foydali ma’lumotlar oldik.

Zamonaviy tibbiyot markaziga aylanib borayotgan dargohda tashkil etilayotgan bu kabi ochiq muloqotlar bo‘lajak mutaxassislarning nafaqat bilimli, balki yuksak ma’naviyatli va pok vijdonli insonlar bo‘lib kamol topishiga xizmat qilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri