Mehnat faxriylari – hayot maktabining saboqchilari
Qashqadaryoda mehnat faxriylari va nuroniylarni e’zozlash, ularning ko‘p yillik samarali mehnatini qadrlash, yosh avlodni ajdodlar xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamda Qarshi davlat universiteti tasarrufidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi” hamkorligida tashkil etilgan tadbirda uzoq yillar davlat va jamoat ishlarida fidokorona mehnat qilgan faxriylar, nuroniylar, qatag‘on qurbonlari oila a’zolari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda mehnat faxriylarining jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, ularning boy hayotiy tajribasi va yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida fikrlar bildirildi. Zero, yillar davomida orttirilgan tajriba avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik. Bugungi yoshlar uchun faxriylarning hayot yo‘li, mehnatsevarligi va yurt ravnaqiga daxldorlik tuyg‘usi muhim tarbiya maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida qatag‘on qurbonlari xotirasi ham yod etildi. Ularning taqdiri va hayoti haqidagi tarixiy xotirani asrash, kelajak avlodga yetkazish xalqning o‘z o‘tmishiga bo‘lgan hurmatining muhim ifodasidir.

Samimiy muloqotlar chog‘ida faxriylar o‘zlarining hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ularga ko‘rsatilgan e’tibor va ehtirom ramzi sifatida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bunday uchrashuvlar nafaqat faxriylarga bo‘lgan hurmatni ifodalaydi, balki yosh avlod qalbida mehnatga sadoqat, tarixiy xotira va inson qadriga ehtirom kabi fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri