Tarixi qadim, buguni obod Dehibaland
FOTOREPORTAJ
Nurota shahridan 12 kilometr g‘arbda joylashgan Dehibaland mahallasi shimolda G‘ozg‘on, g‘arbda esa Orasoy mahallasi bilan chegaradosh.
Qadimdan Sharq va G‘arbni bog‘lab turgan Buyuk ipak yo‘li ustida joylashgan Dehibaland mahallasi 1997-yilda tashkil etilgan. Ayni paytda bu yerda 344 ta xonadondagi 532 ta oilada 1 ming 468 nafar aholi istiqomat qiladi.
Mahalla hududida 7-umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkiloti, bolalar futbol maydoni va bolalar maydonchasi mavjud. Ushbu maskanlarda yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
[gallery-31775]
Bugungi kunda mahallada 7 ta savdo do‘koni, 2 ta sartaroshxona, go‘zallik saloni, pochta aloqa bo‘limi, 8 ta fermer xo‘jaligi va 2 ta bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda.
Hududdagi tarixiy qadamjolar — “Imom Hasan va Imom Husayin”, “Bibixanifa” hamda “G‘oyibota” ziyoratgohlari mahallaning sayyohlik salohiyatini oshirmoqda. Bu yerlarga mamlakatimizning turli hududlaridan, shuningdek, xorijdan ziyoratchilar tashrif buyurib, ajdodlarimiz tarixi va boy madaniy merosi bilan tanishmoqda.
Ziyoratgohlar atrofida mahalliy aholi tomonidan tayyorlanayotgan qurut ham hududning o‘ziga xos mahsuloti sifatida sayyohlarga taklif etilmoqda. Zamonaviy savdo rastalarida sotilayotgan mazkur mahsulot mahallaning o‘ziga xos mahalliy brendiga aylangan.
Mahallada mustaqillik yillarida barpo etilgan, 440 o‘ringa mo‘ljallangan ikki qavatli zamonaviy ta’lim muassasasi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda 50 nafarga yaqin pedagog va murabbiy yoshlarga ta’lim-tarbiya bermoqda.
Maktabda fan to‘garaklari va sport mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan. O‘quvchilarning kasb-hunarga qiziqishini oshirish, kelgusida o‘z faoliyat yo‘nalishini to‘g‘ri tanlashiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahalla infratuzilmasi ham yil sayin takomillashib, aholi uchun zarur sharoit va qulayliklar yaratilmoqda.
Mahalladagi tibbiyot punkti binosi zamonaviy talablar asosida qayta ta’mirlanib, zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda 10 nafardan ziyod malakali tibbiyot xodimi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Dehibaland qishlog‘i markazida aholi uchun madaniyat va dam olish markazi ham barpo etilgan. Markazda mahalla yoshlarining iste’dodini rivojlantirish va namoyon etishga qaratilgan turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Siroj ASLONOV(surat),O‘zA