Rossiya gubernatorlari Farg‘ona bilan tanishmoqda
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari Kengashining III yig‘ilishi doirasidagi tadbirlar boshlandi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Rossiya hududlaridan kelgan delegatsiyalar viloyatdagi yirik sanoat korxonalari, istiqbolli investitsiya loyihalari hamda ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishmoqda.
Tadbirlarda Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov, Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Mixail Kotyukov boshchiligidagi delegatsiyalar, Rossiyaning boshqa hududlari rahbar va mas’ullari, vazirlik va idoralar, tarmoq tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etmoqda.
Mehmonlarga Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamrohlik qilyapti. Delegatsiyalar dastlab Quvasoy shahridagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi filiali hududida joylashgan “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Ularga korxonada keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni, zamonaviy texnologik liniyalar va ishlab chiqarish quvvatlari namoyish etildi. Yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur loyiha doirasida 1 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish hamda 35 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniyati mavjud.
Korxonada mahalliy xomashyodan foydalanish darajasi 97 foizni tashkil etadi. Bu yerda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa bozorlarida kam uchraydigan yirik formatdagi eksportbop keramogranit plitalar ishlab chiqarilib, mahsulotlar 6 xil o‘lchamda tayyorlanmoqda.
Korxona mahsulotlari sifat va texnik ko‘rsatkichlari jihatidan Italiya, Ispaniya va Xitoyda ishlab chiqariladigan yetakchi mahsulotlar bilan raqobatlasha oladi. Ayni paytda mahsulotlar qator qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda.
Tanishuv davomida Rossiya hududlari vakillariga korxonada amalga oshirilgan investitsiya loyihasi, ishlab chiqarish quvvatlari, mahalliylashtirish darajasi va eksport salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA