O‘zbekiston va Buyuk Britaniya standartlashtirish sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Fransiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) Bosh assambleyasi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda standartlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish va bozor nazorati sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida milliy standartlashtirish tizimlarini takomillashtirish, xalqaro standartlarni amaliyotga samarali joriy etish, shuningdek, mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy bozor nazorati mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.
Tomonlar Buyuk Britaniyaning ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunida standartlashtirish va bozor nazorati sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA