“Media haftalik” kun tartibida blogerlik va axborot xizmati (+video)
Farg‘onadagi "Media haftalik"ning bugungi mashg‘ulotlari o‘zgacha boshlandi. Dastlab trenerlar guruh ishtirokchisi bo‘lgan viloyatdagi hokimliklar, idora va tashkilotlar axborot xizmati rahbarlari uchun ularning kasbiy bilim darajalarini sinovchi test so‘rovlari o‘tkazishdi. Bu bejiz emasdi. Chunki, garchi axborot xizmatlari yangidan tashkil topganiga ham 5-6 yil bo‘lgan bo‘lsada, amalda uning vazifalarini turlicha talqin qiluvchi va qo‘llovchilar bor.
– Axborot xizmati rahbari, eng avvalo, davlat bilan xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi lozim, – deydi So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Jo‘rayev. – Bo‘layotgan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimizga tezkor, haqqoniy tahlil qilib yetkazishimiz kerak.


– Axborot xizmati rahbari jurnalist emas, rahbarining kamchiliklari, korxonadagi korrupsion holatlarni yashiradigan advokat ham emas. Axborot xizmati rahbari ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan tizimli ravishda ish olib borishi kerak. Shaxsan men hissadorlik jamiyatimizda bo‘layotgan islohotlar, qilinayotgan ishlar va raqamlar haqida ma’lumotlarni berib turaman, – deydi “Farg‘onasuvta’minot” AJ Axborot xizmati rahbari Ahror O‘tanboyev.


Shundan so‘ng ularga axborot sohasini tartibga soluvchi qonunlar, faoliyat samaradorligini baholashdagi ochiqlik kabi kasb bilan bog‘liq mavzularda qiziqarli maruzalar qilindi, o‘zaro fikr almashildi.
Ijtimoiy tarmoqda blogerlar o‘rni, ular tarqatayotgan axborot manbalarining ishonchliligi, sub’ektiv va ob’ektiv tomonlari, fikr va manipulatsiya kabi bahs hamda munozarali mavzularda muloqot fikr almashuv shaklida o‘tkazildi.


– Zamon sun’iy intellekt davriga o‘tganidan keyin shiddat bilan o‘zgaryapti. Har kuni qandaydir yangilik, ayniqsa, media sohasida foydalanish uchun turli xil saytlar, qo‘llanmalar, ilovalar chiqib ketdi, – deydi trener Jaloliddin Mirzayev. – Ko‘plab hamkasblarimiz bu texnologiyalarni bilishadi, lekin maqsadga olib boradigan yangi yo‘llar kontent markazi tomonidan ishlab chiqildi. O‘z navbatida bu yerdagi medianing hozirgi kundagi bosqichi, qanday darajaga yetgani, nima kamchiliklari bor, qanday yordam qila olamiz, qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarini ham o‘rganyapmiz.

– Blogerlarga bu juda ham foydali, deb o‘ylayman. Sababi, bunday media haftalik oldin bo‘lmagan. Uni muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yoshlarga ilm o‘rgatish, deb tushunyapmiz, – deydi faol bloger, “Ferganamedia.uz” sayti asoschisi Shuhratjon Esonov. – Yolg‘on ma’lumotga aldanib qolmaslik uchun saytlar orqali chiqarilgan, tarqatilgan feyk xabarlarni tekshirishni o‘rganish mumkin ekan. Bu yangiliklarni kelgusi faoliyatimizda qo‘llaymiz.

"Media haftalik" doirasida blogerlar IT sohasidagi bir qator yangiliklardan ham xabardor qilindi.

– SMM, mobilografiga qiziqadigan yoshlar kelyapti. Ular uchun tashkil etilgan bepul kurslarimizdan ko‘pchilikning xabari yo‘q. Ular Farg‘onada tashkil etilyapti, – deydi Jaloliddin Mirzayev. – Vaynerlik, blogerlikka o‘rgatadigan “Debyut” deb nomlangan klubimiz bor. Aura.uz degan yangi platforma ham tashkil etganmiz. Uni Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib ochdik. Unda O‘zbekistonning turli hududlari haqida sifatli, rasmli, videoli materiallar jamlangan. Barcha kontentlardan bepul foydalanish mumkin.
Ertaga "Media haftalik"da SMM va mobilografiyaga qiziqqan yoshlar uchun maxsus mashg‘ulotlar tashkil etilishi kutilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/I0GyT4z7-iY" title="“Media haftalik” kun tartibida blogerlik va axborot xizmati" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA