Xaridor sarson bo‘lmasin
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida yashovchi fuqaro mebel do‘konidan narxi 4 million 500 ming so‘m bo‘lgan oshxona mebelini naqd pulga sotib oladi.
Sotuvchilar esa tovarni sifatini maqtab unga 6 oylik rasmiy kafolat muddati borligini aytib ishonchiga kiradi. Biroq, mebelning bir qismi sifatsiz materialdan tayyorlanganligi sabab qisqa vaqt ichida yaroqsiz holatga kelib qoladi.
Iste’molchi darhol do‘kon savdo mutaxassislariga murojaat qiladi. Xodimlar esa xatoni tan olish va kafolat bo‘yicha mebelni ta’mirlab berish o‘rniga turli bahonalar bilan xaridorni bir oy davomida ovora qilgan.
O‘z huquqini yaxshi biladigan fuqaro oxir-oqibat Nukus shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga rasmiy murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Jamiyat mutaxassislari tomonidan iste’molchining murojaati tezlik bilan o‘rganib chiqildi.
Muammoni hal qilish maqsadida mebel do‘konining rahbari va mas’ul shaxslar bilan qonun doirasida tushuntirish hamda suhbat o‘tkazildi. Qonun talablari tushuntirilgandan so‘ng do‘kon xodimlari qisqa muddatda mebeldagi mavjud nosozliklarni o‘zlarining hisobidan to‘liq ta’mirlab berdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.