Koreyalik mehmonlar BDPIda
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Won Do Yeon boshchiligidagi delegatsiyaning Buxoro viloyatiga amaliy tashrifi doirasida Buxoro davlat pedagogika instituti jamoasi va talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mehmonlarni institut rektori Bahodir Ma’murov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar va faol talaba-yoshlar samimiy kutib oldi. Tashrif avvalida institut fakultetlari tomonidan tayyorlangan milliy hunarmandchilik, ijodiy va innovatsion ko‘rgazmalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
[gallery-29527]
Mehmonlar Buxoroda faoliyat yuritayotgan Koreys tili ta’lim va mashg‘ulot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Markazdagi zamonaviy jihozlangan auditoriyalar, raqamli texnologiyalar asosida tashkil etilgan o‘quv jarayonlari hamda talabalar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar delegatsiya a’zolari tomonidan yuqori baholandi.
Uchrashuv davomida ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari, akademik almashinuv dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ayniqsa, institutda tashkil etilgan inklyuziv ta’lim xonalari, sun’iy intellekt texnologiyalariga ixtisoslashgan innovatsion auditoriyalar va raqamli ta’lim muhiti koreyalik mehmonlarning alohida e’tiborini tortdi.
Samimiy va do‘stona ruhda kechgan muloqot davomida delegatsiya vakillari Buxoro davlat pedagogika institutida ta’lim jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, Buxoroda koreys tilini o‘qitish tizimi va ta’lim sifati yuzasidan iliq fikrlar bildirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari