Ko‘ngillilar cho‘l o‘rtasida bog‘ yaratmoqda
Ekofaollar sa’y-harakati bilan qum barxanlari bag‘rida “yashil makon” barpo etilmoqda.
Xorazm viloyatining cho‘l zonasi A 380 avtomobil yo‘lining 450-kilometr hududida ko‘ngilli fuqarolar tomonidan keng ko‘lamli ko‘chat ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

Tadbirkor tashabbusi bilan hududda zamonaviy quyosh panellari o‘rnatildi. Ko‘chatlarni muntazam sug‘orish maqsadida 60 metr chuqurlikdan yer osti suvi chiqarilib samarali sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mazkur xayrli ishda O‘zbekiston ekologik partiyasi Xorazm viloyati Kengashi, shuningdek, Urganch shahar, Yangibozor va Bog‘ot tuman Kengashlari, mahalliy deputatlar faol ishtirok etib, ekologik muhitni yaxshilash yo‘lidagi sa’y-harakatlarga hissa qo‘shdi.

– A-380 yo‘lidan o‘tgan har bir yo‘lovchi bu yerlardagi quruq shamol va qum bo‘ronlarini yaxshi biladi, – deydi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, ekologik partiya Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputati G‘ofurjon Eshchanov. – Ha, tavakkalchilik, lekin bu yurakdan chiqqan tashabbus. Cho‘lni faqatgina quruq zamin emas, balki yashil vohaga aylantirish mumkinligini isbotlamoqchi bo‘lgan insonlarga qo‘shildik. Aksiya davomida vohaning iqlim sharoitiga mos, hududda yaxshi ildiz otadigan va ekologik jihatdan samarali bo‘lgan ko‘chatlar ekildi.
Bu kabi amaliy ishlar ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbiri