MDH makonida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi
O‘zbekiston delegatsiyasi Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Hukumatlararo kengashi XI majlisida ishtirok etdi.
O‘zbekiston 2025-yilda MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitimga rasman qo‘shilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul organ sanalib, Agentlik direktori kengash a’zosi etib tayinlangan.
Majlisda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston vakillari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi mas’ullari qatnashdi.
Unda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan tajriba almashish, hamkorlikni yanada rivojlantirish va o‘zaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, korrupsiya yo‘li bilan orttirilgan mol-mulkni musodara qilish, qonunchilik hujjatlarining kriminologik ekspertizasini o‘tkazish hamda sohada kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Nufuzli tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va tashabbusi asosida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlar taqdimot qilindi.
Kengashga a’zo davlatlar tomonidan ushbu islohotlar e’tirof etilib, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tayanch ta’lim tashkiloti maqomini berish tashabbusi kengash a’zolari tomonidan to‘liq qo‘llab quvvatlandi.
N.Abduraimova, O‘zA