Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon tadbirkor ayollari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti doirasida Oliy Majlis Senatida “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonda ayollar tadbirkorligi: iqtisodiy integratsiya, yangi imkoniyatlar va barqaror mintaqaviy hamkorlik” mavzusida onlayn shaklda biznes-forum o‘tkazildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilmoqda. Mazkur forum muloqotning yillik ish rejasiga asosan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda mintaqa davlatlarining parlamentlari, savdo-sanoat palatalari, biznes uyushmalari, moliya institutlari hamda tadbirkorlik tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.
Forum mobaynida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy resurslardan foydalanish va yangi bozorlarga chiqish, qo‘shma loyihalar, ishlab chiqarish va savdo kooperatsiyasi hamda uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

Forum ishtirokchilari O‘zbekistonda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, biznes g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash va rivojlantirish uchun zarur tashkiliy-institutsional sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida xabardor qilindi.
Biznesning turli bosqichlariga mos moliyaviy vositalarni, jumladan, boshlang‘ich sarmoya, aylanma mablag‘, kafolat mexanizmlari va eksportni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Elektron savdo, raqamli marketing va kiberxavfsizlik bo‘yicha qo‘shma o‘quv va tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, tadbirkor ayollarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish hamda ularning zamonaviy bozor talablariga moslashishiga ko‘maklashish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Forum yakunida tadbirkor ayollar o‘rtasida 9 memorandum, 2 kelishuv va 7 shartnoma tuzishga kelishib olindi.
Mazkur hujjatlarni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti doirasida joriy yil dekabr oyida o‘tkaziladigan tadbirda imzolash rejalashtirilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA