Markaziy bank: Yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga o‘sdi, inflyatsiya esa 7,3 foizni tashkil etdi
Jahon iqtisodiyotida geosiyosiy ziddiyatlar, inflyatsion bosim va moliya bozorlaridagi o‘zgaruvchanlik saqlanib qolayotgan bir sharoitda har bir mamlakat uchun moliyaviy barqarorlikni ta’minlash strategik vazifaga aylanmoqda. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan 2025-yil uchun Moliyaviy barqarorlik sharhida mamlakatimiz moliya tizimi barqaror rivojlanayotgani ko‘rsatilgan. Hisobotga ko‘ra, banklar yetarli kapital va likvidlik zaxirasiga ega, muammoli kreditlar ulushi qisqargan, daromadlilik ko‘rsatkichlari yaxshilangan. Shu bilan birga, uy-joy bozorida muvozanat shakllanib, aholining uy-joy sotib olish imkoniyatlari kengaygan.
Biroq, har qanday ijobiy natija kabi mazkur ko‘rsatkichlar ham doimiy tahlil va nazoratni talab etadi. Ayniqsa, mikroqarzlar hajmining ortishi, raqamli moliya xizmatlari kengayishi bilan bog‘liq kiberxavflar hamda tashqi iqtisodiy beqarorlik moliya tizimi oldidagi muhim sinovlardan bo‘lib qolmoqda. Shu bois, Markaziy bank tomonidan joriy etilayotgan Bazel III standartlari, makroprudensial mexanizmlar va tavakkalchiliklarni boshqarishga qaratilgan yangi yondashuvlar moliyaviy barqarorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda eng muhim masala — erishilgan barqarorlikni saqlab qolish, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini moliyaviy xavfsizlik bilan uyg‘unlashtirish va bank tizimining aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga ishonchli moliyaviy tayanch bo‘lib qolishini ta’minlashdan iborat.
Sharhga ko‘ra, global iqtisodiy noaniqliklarning bir qadar kamayishi, ichki valyuta bozoridagi barqarorlik, bank tizimi ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi va iqtisodiy faollikning o‘sishi natijasida O‘zbekistonda moliyaviy sharoitlar ancha yengillashdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakat bank tizimi bugungi kunda yetarli kapital, yuqori likvidlik va barqaror daromadlilikka ega bo‘lib, tashqi va ichki iqtisodiy bosimlarga nisbatan ancha chidamli holatga kelgan. Biroq, chakana kreditlar, ayniqsa mikroqarzlar segmentidagi xavflar kelgusida ham doimiy nazoratni talab qiladi.
Qayd etilishicha, 2026-yil 1-yanvar holatiga mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sdi. Inflyatsiya 7,3 foizni tashkil qildi. Bank tizimida muammoli kreditlar ulushi 3 foizgacha pasaydi, kapitalning monandlik koeffitsiyenti (CAR) 18,3 foiz, birinchi darajali kapital (CET1) esa 14,7 foiz bo‘ldi. Shuningdek, likvidlikni qoplash koeffitsiyenti 208 foiz, sof barqaror moliyalashtirish koeffitsiyenti 120 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar xalqaro me’yorlardan ancha yuqori bo‘lib, banklarning qisqa va uzoq muddatli moliyaviy majburiyatlarni bemalol bajara olishini anglatadi.
2025-yil davomida banklar foydaliligi oshdi, depozitlar hajmi kengaydi va kredit portfeli sifati yaxshilandi. Aktivlar rentabelligi (ROA) 2,2 foiz, kapital rentabelligi (ROE) esa 12,4 foizga yetdi. Bu natijalar banklarning kapital bazasi mustahkamlangani, moliyaviy zaxiralari yetarliligi hamda iqtisodiyotni moliyalashtirish imkoniyatlari kengayganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bank tizimidagi moliyaviy stress indeksi so‘nggi yillardagi eng past darajaga tushgani tizimda xavotirli bosimlar kamayganidan dalolat beradi.
Sharhda qayd etilishicha, 2025-yilda uy-joy bozorida ortiqcha qizish belgilari pasaygan. Uy-joy narxlari iqtisodiy asoslangan fundamental omillar atrofida shakllangan. So‘mda hisoblaganda uy-joy narxlari yil davomida 4,8 foizga pasaygan, ammo milliy valyuta mustahkamlangani hisobidan xorijiy valyutadagi qiymati 1,5 foizga o‘sgan.
Ayni vaqtda aholi daromadlarining o‘sishi va ipoteka shartlarining yengillashishi uy-joy sotib olish imkoniyatini sezilarli oshirdi. Nominal ish haqi 19 foizga, uy-joy xarid qilish qobiliyati indeksi esa 115 foizdan 126 foizgacha ko‘tarildi. Natijada 2025-yilda turar joy oldi-sotdi shartnomalari 15 foizga oshib, qariyb 295,4 mingtani tashkil etdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholining qarzga xizmat ko‘rsatish darajasi (DSTI) 38 foizdan 37 foizga tushdi. Ipoteka kreditlarida mazkur ko‘rsatkich 49 foizga, avtokreditlarda esa 60 foizdan 37 foizgacha pasaygani aholining qarz yuki yengillashayotganini anglatadi. Bu, avvalo, aholi daromadlari o‘sishi hamda kredit ajratishdagi makroprudensial talablarning kuchaytirilgani bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, hisobotda mikroqarzlar segmentiga alohida e’tibor qaratilgan. 2025-yil yakuniga kelib mikroqarzlar portfeli 48,8 trillion so‘mga yetdi va umumiy kredit portfelining 8 foizini tashkil qildi. Mikroqarz olganlar soni 2,7 million nafarga yaqinlashdi. Bir qarzdor hisobiga to‘g‘ri keladigan shartnomalar soni ham 1,7 tadan 1,9 taga ko‘paygan. Bu esa kelgusida kredit sifatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omil sifatida baholanmoqda. 2025-yil davomida Markaziy bank tomonidan Bazel III xalqaro standartlari asosida bir qator makroprudensial choralar qabul qilindi. Jumladan, kapital buferlari kuchaytirildi. Ipoteka va avtokreditlar uchun LTV talablari joriy etildi. DSTI ko‘rsatkichi bo‘yicha cheklovlar kuchaytirildi. Mikroqarzlar, kredit kartalari va overdraftlar ulushi kredit portfelining 25 foizidan oshmasligi belgilandi. Bu choralar bank tizimida xavflarning ortiqcha to‘planishini cheklashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mamlakat moliya tizimi bugungi kunda tashqi iqtisodiy bosimlarga nisbatan ancha chidamli holatda shakllangan. Endi asosiy vazifa — mavjud barqarorlikni saqlab qolish, kredit sifati ustidan nazoratni kuchaytirish, raqamli xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni moliyaviy barqarorlik bilan uyg‘un holda davom ettirishdan iborat.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA