Manfred Xuterer: O‘zbekiston va Germaniya munosabatlarida yangi davr boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga o‘ttiz yildan oshdi. O‘tgan davr mobaynida ikki mamlakat o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirib, siyosiy muloqot, iqtisodiy aloqalar, ta’lim, texnologiya va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan keng ko‘lamli strategik sheriklikni shakllantirdi.
Bugungi kunda Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi eng muhim iqtisodiy va texnologik hamkorlaridan biri sanaladi. Nemis kompaniyalarining mamlakatimizdagi faol ishtiroki, yirik sarmoyaviy loyihalar hamda kadrlar tayyorlash borasidagi aloqalar ikki tomonlama munosabatlarga amaliy mazmun bag‘ishlamoqda.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston va GFR hamkorligining bugungi holati, iqtisodiyot, ta’lim va investitsiya sohalaridagi istiqbollari xususida Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer bilan suhbatlashdi.
– O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yildan oshdi. Sizningcha, so‘nggi yillarda ikki mamlakat hamkorligida qaysi yo‘nalishlar jadal rivojlanmoqda va bunda ustuvor ahamiyat kasb etayotgan sohalar qaysilar?
— Germaniya O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa to‘rt mamlakati mustaqillikka erishganidan buyon mintaqada faol ishtirok etib kelmoqda. So‘nggi o‘ttiz yil davomida ko‘plab sohalarda keng ko‘lamli ikki tomonlama va mintaqaviy tashabbuslarni izchil qo‘llab-quvvatlayapmiz.
2023-yil sentabr oyida Berlinda “Markaziy Osiyo + Germaniya” (C5+1) formatining yo‘lga qo‘yilishi mintaqa mamlakatlari va GFR o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi. 2024-yil sentabrda esa Markaziy Osiyoning besh davlati rahbari va Germaniya Federal Kansleri Ostona shahrida yana uchrashdilar. O‘sha tashrif doirasida Federal kansler Olaf Shols Samarqandga ham tashrif buyurdi.
Shuni ta’kidlashni istardimki, aloqalarimiz Yevropa darajasida ham sezilarli darajada mustahkamlandi. 2025-yil 4-aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti YeIning mintaqa bo‘yicha strategiyasi naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ushbu jarayonda asosiy e’tibor barqarorlik, farovonlik va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Albatta, iqtisodiy va ishbilarmonlik aloqalari ustuvor ahamiyatga ega. Tobora ko‘proq nemis kompaniyalari O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqda; bugungi kunda mamlakatda 220 ga yaqin nemis kapitali ishtirokidagi korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishidagi hamkorligimiz yana bir strategik ustundir. O‘ttiz yildan ziyod vaqt mobaynida Germaniya sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va tabiiy resurslarni muhofaza qilish sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Bu xayrli ishlarning barchasi 1992-yilda Toshkentda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakolatxonasi ochilishi bilan boshlangan edi.
— Berlin uchun O‘zbekistonning geosiyosiy va iqtisodiy ahamiyati nimada?
— Germaniya uchun O‘zbekiston geosiyosiy jihatdan muhim mintaqadagi yaqin va ishonchli hamkordir. Ayniqsa, iqtisodiy salohiyati jadal yuksalib borayotgan ushbu mamlakat nemis kompaniyalari uchun katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston yuqori ta’lim darajasi va inson kapitali bilan ajralib turadi, bu esa uning xorijiy sheriklar uchun jozibadorligini yanada oshiradi. Shu bois, 2024-yilda GFR va O‘zbekiston o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo mintaqasi biz Yevropa Ittifoqi doirasida rivojlantirishni istayotgan Transkaspiy transport yo‘lagida (Global Gateway tashabbusi) muhim strategik rol o‘ynaydi.
— O‘zbekistonlik yoshlarning Germaniyada tahsil olishga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qanday yangi tashabbuslar rejalashtirilgan?
— Haqiqatan ham, O‘zbekiston yoshlari orasida Germaniyada o‘qish va nemis tilini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq juda yuqori. Hozirda O‘zbekistonda 400 000 ga yaqin kishi nemis tilini o‘rganmoqda va bu — butun Osiyo miqyosidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir! Mamlakatdagi 19 ta maktab Germaniyaning “PASCH” global tarmog‘iga a’zo bo‘lgan. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida to‘rt nafar ma’ruzachi (lektor) va ikki nafar til assistentimiz faoliyat yuritmoqda.
Ko‘pincha o‘zbekistonliklar menga bemalol nemis tilida murojaat qilishadi va bu meni doim hayratlantiradi. Nemis tilida so‘zlashuvchi o‘zbeklarning ko‘pligi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida xizmat qilishni men uchun chinakam zavqqa aylantirgan. Gyote instituti va boshqa tashkilotlarimiz bilan birgalikda til o‘rganish imkoniyatlarini yanada kengaytiryapmiz.
Germaniyada o‘qishni istagan yoshlarga bir maslahat bermoqchiman: faqat reytinglarga tayanmang, o‘zingiz uchun eng mos bo‘lgan yo‘nalishni tanlang. Bizdagi ko‘plab kichik universitetlar o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha yuqori natijalarga ega. Ular ko‘pincha yirik ta’lim dargohlariga qaraganda ko‘proq individual ustozlik (mentorlik) va talabalarga alohida e’tibor qaratish imkoniyatiga ega.
— Fikringizcha, yaqin kelajakda qaysi omillar O‘zbekiston va Germaniya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi mumkin?
— Bugungi kunda Germaniya va O‘zbekiston har qachongidan ham bir-biriga yaqinroq. Yuqorida ta’kidlaganimdek, ikki tomonlama yuqori darajadagi tashriflar izchillik kasb etmoqda. Buning yaqqol isboti sifatida shu yilning 11-fevral kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Germaniya” formatidagi Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvini keltirish mumkin. Hatto Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer janoblari ham vazirlarni qabul qildi. Bu munosabatlarimiz naqadar yuqori darajada va ishonchli ekanining kuchli ramziy belgisidir.
Shuningdek, tobora ko‘proq nemis kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgani ham ikki tomonlama aloqalarda muhim rol o‘ynamoqda. Menimcha, navbatdagi dadil qadam — yirik iqtisodiy “mayoq-loyiha” (lighthouse project) ning amalga oshirilishi bo‘lishi kerak. Zero, barchaga ma’lumki, “Made in Germany” yorlig‘i dunyoda yuksak sifat ramzi hisoblanadi.
— O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar Germaniya biznesi va investorlari uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratmoqda? Sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasi sohalarida qaysi yangi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan?
— Germaniya O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni va ko‘plab sohalarda erishilgan yutuqlarni yuksak e’tirof etadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik izchil o‘sish dinamikasini namoyish etmoqda. Xususan, 2024-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,2 milliard yevroga yetdi. Farmatsevtika, tibbiy asbob-uskunalar va texnikalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda IT-autsorsing yo‘nalishlari hamkorligimizning eng quvvatli drayverlari hisoblanadi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tajribali tuzilma sifatida Germaniya hukumatining xalqaro maydondagi strategik maqsadlariga erishishda yaqindan ko‘mak bermoqda. Tashkilot asosiy e’tiborini sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, tabiiy resurslar va iqlim muhofazasiga qaratgan. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, o‘tgan yil holatiga ko‘ra, GIZning O‘zbekistondagi vakolatxonasida 24 nafar xorijiy va 111 nafar mahalliy mutaxassis faoliyat yuritdi.
Shuningdek, Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochgan Germaniyaning KfW taraqqiyot banki umumiy qiymati qariyb 540 million yevro bo‘lgan turli istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Bu loyihalar sog‘liqni saqlash, kasb-hunar ta’limi, infratuzilma, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish, iqlim va suv resurslari boshqaruvi, shuningdek, ijtimoiy himoya va gender tengligi kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Bizning kuzatishlarimizga ko‘ra, O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi iqtisodiy o‘sish sur’atlari hayratlanarli. Mamlakat iqtisodiyoti tobora dunyoga ochilib, diversifikatsiya qilinmoqda. Bu esa iqtisodiy mustaqillik va muvaffaqiyatning bosh garovidir. Germaniya ham o‘zgaruvchan geosiyosiy vaziyatda iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Demak, har ikki tomon uchun ham hamkorlikni yanada jadallashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Nazarimda, kelgusida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, “yashil” iqtisodiyot, kasb-hunar ta’limi hamda suv resurslarini oqilona boshqarish sohalari ustuvor ahamiyat kasb etadi.
P/S: Suhbat ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi.
Dilshod Hakimov suhbatlashdi
O‘zA