Qulupnay yetishtirishda xorij tajribasi o‘rganilmoqda
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida qulupnay yetishtirish hududning “o‘sish nuqta”laridan biriga aylangan. Aholining asosiy qismi ayni shu yo‘nalishda band bo‘lib, daromad manbai ham mazkur soha bilan bog‘liq.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi va tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish borasida tumanda dastlabki qadamlar tashlanmoqda. Hozir ijara yer maydonlarida ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Tumandagi gul yetishtirishga ixtisoslashgan korporatsiya tomonidan ayni paytda 20 turdan ortiq gullarning xorijiy navlari parvarish qilinmoqda.

Viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan ushbu manzilda ijara yer egalari hamda dehqon xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda Germaniyadan taklif etilgan malakali mutaxassislar Juliane Braun va Bart Esfeldt qulupnaychilik, shuningdek, boshqa rezavor mevalar hamda gulchilik sohasidagi ilg‘or xorij tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Yevropalik agronomlar tomonidan yer unumdorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va yuqori daromad olish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Qolaversa, dehqonlar va ijara yer egalarining savollariga atroflicha javoblar qaytarildi.

Ayniqsa, tumanning “drayver” sohalaridan biri hisoblangan qulupnaychilikda eksportbop mahsulot yetishtirish, hosildorlikni oshirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda ilmiy yondashuvlarni amaliyotga joriy etishning ahamiyati xususida muhim ma’lumotlar taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA