Yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchi
Davlatimiz rahbarining maktablar bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigida “Albatta, bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori degani. Sizlar Yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz”, deb alohida qayd etdi.
Bunday ishonch har bir bitiruvchi qalbida kelajakka bo‘lgan katta ishonchni uyg‘otdi.
Bu Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Mo‘minobod mahallasidagi 127-maktabni bitirgan o‘g‘il-qizlarning yonib turgan nigohlarida ham yaqqol sezildi.
Aytish kerakki, so‘ngi qo‘ng‘iroq ovozi kimlar uchundir qadrdon maktab bilan xayrlashuv bo‘lsa, qalbi orzularga limmo-lim yoshlar uchun ulkan marralar va yangi zafarlar eshigini ochuvchi tilsimdir.
Tantanali tadbirga ustozlar, ta’lim sohasi faollari, jamoatchilik vakillari hamda ota-onalar ham ishtirok etib, katta yo‘l boshida turgan yoshlarga omad tiladi. Munosib kasb-hunarni egallab, elu xalqqa xizmat qilish katta sharaf ekani uqdirib o‘tildi.
Tadbir yakunida a’lochi va faol o‘quvchilarga va ularning ota- onalariga tashakkurnoma hamda faxriy yorliqlar topshirildi.
Murodjon Shodmonov,
Alfraganus universiteti talabasi