Salomatlik uchun besh ming qadam
Namanganda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan aholi salomatligini mustahkamlash, oilada tibbiy madaniyatni oshirish, turli xil kasalliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Salomatlik marafoni” qizg‘in pallaga kirdi.
Mazkur marafon oyligi doirasida Namangan shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada o‘tkazilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasi keng jamoatchilik ishtirokida ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Shahar markazidagi “Xotira hiyoboni”da bo‘lib o‘tgan tadbirda markaziy poliklinika xodimlari, Obi hayot mahallasi aholisi, nuroniylar, hududdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari va Milliy gvardiya xodimlari faol ishtirok etdi. Qayd etish o‘rinliki, aksiya 700 dan ziyod ishtirokchilarni qamrab oldi.
Ertalabki sog‘lomlashtiruvchi yurish qatnashchilarga tetiklik va xushkayfiyat bag‘ishlash asnosida, turli yoshdagi insonlarni yagona ezgu maqsad, ya’ni sog‘lom turmush targ‘iboti uchun birlashtirdi. Ayniqsa, keksalar va yoshlarning bir safda qatnashgani tadbirning tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshirdi.

- Muntazam piyoda yurish inson salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Kuniga kamida besh ming qadam yurish qon aylanishini yaxshilaydi, ortiqcha vaznning oldini oladi hamda insonning ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, - deydi Namangan shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudirasi Musharrafxon Sobirova. – Tadbir davomida ishtirokchilarga sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik va kasalliklar profilaktikasi borasida foydali tavsiyalar berdik.
“Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam!” aksiyasi aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish, profilaktik targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda sog‘lom hayot tarzini ommalashtirishga xizmat qildi. Zotan, bunday xayrli tadbirlar inson salomatligiga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirib, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Piyoda yurish – salomatlik garovi ekanligini o‘zida ifoda etuvchi ezgu aksiyada Davlatobod tumanidagi tibbiyot xodimlari ham alohida faollik ko‘rsatdilar.

Qatnashchilar erta saharda yayov yurish mashg‘ulotini olib borish uchun “Yoshlar bog‘i”ga jamlandilar. ”Besh ming qadam yurish” aksiyasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Dastavval, jismoniy faollik sog‘lom hayot kechirishning muhim sharti ekanligi to‘planganlarga tushuntirildi. Tadbir davomida ommaviy ravishda yurish mashqlari bajarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA