Maktab direktori ishga kiritish evaziga pora olgan vaqtida ushlandi
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida maktab direktori fuqaroni ishga qabul qilish evaziga 600 AQSH dollari miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori D.S. fuqaro G.Sh.ni ushbu maktabga ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida ishga qabul qilish evaziga 600 AQSH dollari talab qilgan.
Direktor kelishilgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA