Aholi murojaatlarining 96 foizi ijobiy hal etildi
Bugun Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda jamiyatga kelib tushayotgan aholi va iste’molchilar murojaatlari, ularda ko‘tarilayotgan asosiy masalalar hamda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi "Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2026-yilning o‘tgan davrida "Hududiy elektr tarmoqlari" AJga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 49 400 ta elektron va og‘zaki murojaat kelib tushgan. Ularning 47 476 tasi, ya’ni 96 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaatlar bo‘yicha belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Murojaatlar tahliliga ko‘ra, ularning asosiy qismi elektr tarmoqlari va ta’minotidagi uzilishlar, hisob-kitoblar, elektr hisoblagichlarini o‘rnatish hamda elektr ta’minoti korxonalari faoliyati bilan bog‘liq.
Xususan, 19 500 ta murojaat elektr tarmoqlariga, 17 900 tasi elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarga, 2 600 tasi to‘lovlar va asossiz qarzdorlikka, 4 389 tasi elektr hisoblagichlarini o‘rnatishga oid bo‘lgan. Yana 4 460 ta murojaat elektr ta’minoti korxonalari xodimlarining xatti-harakatlari, ishga joylashish va boshqa masalalarga taalluqli.
Hududlar kesimida murojaatlar soni Toshkent viloyatida 7 514 ta, Andijon viloyatida 7 014 ta, Surxondaryo viloyatida 5 916 ta, Jizzax viloyatida 5 229 ta va Qashqadaryo viloyatida 4 849 tani tashkil etgan.
Murojaatlar bilan ishlash holati hududiy filiallar kesimida ham tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar belgilangan.
Shu bilan birga, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarning sabablarini bartaraf etish maqsadida elektr tarmoqlari va infratuzilmani yangilash ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2026-yilning o‘tgan davrida 5 311 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 1 610 ta transformator punkti yangilandi. Shuningdek, 172 kilometr yangi yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i hamda 4 ta podstansiya qurilib, foydalanishga topshirildi.
Rejalashtirilgan 29 683 kilometr elektr tarmog‘i va 10 519 ta transformator punkti ham mukammal ta’mirdan chiqarildi.
Jamiyat tasarrufidagi 106 142 ta transformator punktining texnik holati o‘rganilib, 61 998 tasi ta’mirtalab deb topilgan. Ularning 8 852 tasi "qizil", 53 146 tasi "sariq" toifaga kiritilgan. Hozirga qadar "qizil" toifadagi transformator punktlarining 92 foizi, «sariq» toifadagilarning 63 foizi ta’mirlangan.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida jamiyatga kelib tushayotgan murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 5 foizga kamaygan.
Fuqarolar murojaatlarini tezkor qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida koll-markaz operatorlari soni 93 tadan 143 taga yetkazildi. Aholi elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammo va takliflarini "Hududiy elektr tarmoqlari" AJning Telegramdagi muloqot kanali hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali ham yo‘llashi mumkin.
Shuningdek, mamlakatimizning olis hududlarida istiqomat qiluvchi aholi bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida sayyor qabullar muntazam o‘tkazilmoqda. Ularda fuqarolarning elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolari joyiga chiqqan holda o‘rganilib, ularni hal etish choralari belgilanmoqda.
Brifing yakunida ta’kidlanishicha, Jamiyatda murojaatlar bilan ishlashda asosiy e’tibor nafaqat ularni qabul qilish va javob berishga, balki ko‘tarilayotgan masalalarning kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilmoqda. Buning natijasida bir xil mazmundagi murojaatlarning takroran kelib tushishining oldini olish ko‘zda tutilgan.
Shu maqsadda aholi va iste’molchilar bilan muloqot kanallarini takomillashtirish, elektr ta’minotidagi mavjud muammolarni bartaraf etish va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA