Mutolaa — ezgulikka yetaklaydi
FOTOREPORTAJNukus shahrida faoliyat yuritayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolar, ularning oila a’zolari hamda kutubxona joylashgan hudud aholisiga axborot-kutubxona xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Ayni paytda kutubxonaning respublikadagi faoliyati keng qamrov kasb etgan. Xususan, Nukus shahri, Amudaryo, Beruniy, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida uning filiallari ish yuritmoqda. Bu hududlarda istiqomat qiluvchi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolarning kitob va axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari kengayyapti.
Kutubxona faoliyati ko‘lamini raqamlarda ham ko‘rish mumkin. Hozirda respublika bo‘yicha 4 ming 552 nafar kitobxon kutubxona xizmatlaridan foydalanmoqda. Umumiy kitob fondi esa 60 ming 844 nusxani tashkil etadi. Fonddan 14 ming 249 nusxa Brayl yozuvidagi adabiyotlar, 36 ming 106 nusxa bosma harfli kitoblar, 9 ming 231 nusxa «gapiruvchi kitob» va 1 ming 258 dona elektron disk o‘rin olgan.
Ko‘zi ojiz kitobxonlarning axborot va badiiy adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ular uchun mutolaaning zamonaviy shakllarini yaratish maqsadida kutubxona qoshida ovoz yozish studiyasi tashkil etilgan. Unda bugunga qadar 244 ta audiokitob tayyorlangan.
Audiokitoblar ko‘zi ojiz kitobxonlarga adabiyotlardan mustaqil foydalanish, bilim va dunyoqarashini kengaytirish imkonini bermoqda.
[gallery-31790]
Kutubxonaning kichik tipografiyasida ham kitobxonlar ehtiyojidan kelib chiqqan holda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qoraqalpoq tilida 124 nomdagi Brayl yozuvidagi adabiyotlar nashr etildi.
Bunday adabiyotlarning yaratilishi ko‘zi ojiz kitobxonlarning milliy adabiyot, tarix, madaniyat va ma’naviy meros namunalaridan bahramand bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA