Biznesni ro‘yxatga olish — tekshiruv emas, rivojlanish poydevori
O‘zbekistonda 15-oktabrdan boshlab mamlakat iqtisodiyotining aniq manzarasini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli biznesni ro‘yxatga olish jarayoni boshlanadi. Bu jarayon tadbirkorlar va davlat uchun qanday ahamiyatga ega?
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF–190-son farmoniga muvofiq, 15-oktabrdan 30-noyabrga qadar yurtimizda biznesni ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkaziladi. Maqsad mamlakatdagi iqtisodiy faoliyatning imkon qadar to‘liq manzarasini shakllantirish.
Tadbirning ahamiyati va ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlarining tartibi xususida Milliy statistika qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov bilan suhbatlashdik.

—Biznesni ro‘yxatga olish nima va u nima maqsadda o‘tkaziladi?
—Biznesni ro‘yxatga olish — mamlakatimizda amalda faoliyat yuritayotgan korxonalar, tadbirkorlar va boshqa iqtisodiy birliklar haqida aniq va ishonchli ma’lumotlarni to‘plash tadbiri. Uning asosiy maqsadi — mamlakatda qancha iqtisodiy birlik faoliyat yuritayotgani, ular nima bilan shug‘ullanayotgani, qaysi hududlarda joylashgani va bandlik holati kabi muhim ko‘rsatkichlarni aniqlashdir.
—Biznesni ro‘yxatga olishda kimlar ishtirok etadi?
—Ro‘yxatga olish tadbiri faqat yirik korxonalarga emas, balki kichik biznes vakillari va mustaqil faoliyat yuritayotgan shaxslarga ham tegishli. Jumladan, yirik, o‘rta va kichik korxonalar, mikrofirmalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, dehqon xo‘jaliklari, hunarmandlar, oilaviy tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birliklar qamrab olinadi.
—Biznesni ro‘yxatga olish qanday tartibda amalga oshiriladi?
—Ma’lumotlar ikki xil usulda to‘planadi. Birinchi usul — maxsus tayyorlangan ro‘yxatga oluvchilar planshet qurilmalari yordamida joyiga borib, yuzma-yuz so‘rov o‘tkazadi. Ikkinchi usul — tadbirkorlar internet orqali mustaqil ravishda ma’lumotlarni taqdim etadi. Qaysi usul qo‘llanilishi respondentning toifasiga bog‘liq bo‘ladi. Ro‘yxatga olish jarayonida iqtisodiy birliklarning faoliyat yo‘nalishi, bandlik holati va asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlar to‘planadi.
—Biznesni ro‘yxatga olishda taqdim etilgan ma’lumotlar maxfiy saqlanadimi?
—Ha, albatta. Tadbir davomida taqdim etilgan individual ma’lumotlarning maxfiyligi qonun bilan kafolatlangan. «Rasmiy statistika to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, muayyan shaxs yoki korxonani aniqlash imkonini beruvchi individual ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi. Ulardan faqat statistik maqsadlarda foydalaniladi. Bunday ma’lumotlar tekshiruv o‘tkazish, nazorat qilish yoki ma’muriy qarorlar qabul qilish maqsadida ishlatilishi mumkin emas. Eng muhimi, ro‘yxatga olish natijalari alohida korxona yoki tadbirkor kesimida emas, balki umumlashtirilgan statistik ko‘rsatkichlar shaklida e’lon qilinadi.
—Biznesni ro‘yxatga olish davlatga, tadbirkorlarga va aholiga qanday foyda keltiradi?
—Ro‘yxatga olish natijalari iqtisodiyotning haqiqiy holatini yanada aniqroq baholash imkonini beradi.
Davlat uchun — qaysi hududda qanday biznes turlari rivojlangani, iqtisodiy faollik va bandlik holatini baholash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarni rivojlantirish bo‘yicha asosli qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar uchun — biznes muhitini tahlil qilish, yangi faoliyat yo‘nalishlarini tanlash, mahsulot va xizmatlar turini kengaytirishda qo‘shimcha axborot manbai bo‘ladi.
Aholi uchun — hududlarda bandlikni qo‘llab-quvvatlash, tovar va xizmatlar bozorini rivojlantirish hamda aholi ehtiyojlariga mos dasturlarni rejalashtirish uchun ishonchli statistik asos yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, biznesni ro‘yxatga olish — tadbirkorlarni tekshirish emas, balki iqtisodiyotning to‘liq va ishonchli statistik manzarasini shakllantirishga qaratilgan muhim tadbir.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA