Madhiya yangraganda
Madhiya yangragan lahzada minglab qalblarda bir ajib tuyg‘u uyg‘onadi — Vatan tuyg‘usi. Uning har bir ohangida xalqning orzusi, kechmishining sadosi, bugunining g‘ururi va ertangi kuniga ishonchi mujassam. Shu bois davlat ramzlariga hurmat — shunchaki odob qoidasi emas, balki mustaqillikni anglash, Vatanni qadrlash va milliy o‘zlikni asrashning yuksak ifodasidir.
O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari — Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi va Davlat madhiyasi xalqimizning milliy o‘zligi, tarixiy xotirasi, orzu-intilishlari va mustaqil davlat sifatidagi qadr-qimmatini o‘zida mujassam etgan muqaddas timsollardir.
Bugun yosh avlod qalbida ana shu ramzlarga cheksiz hurmat va iftixor tuyg‘usini shakllantirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, o‘z bayrog‘ini ardoqlagan, gerbi va madhiyasi mazmunini anglagan yosh o‘z Vatani taqdiriga ham befarq bo‘lmaydi.
Shu maqsadda O‘zbekiston “Adolat” SDP Buxoro viloyati Kengashi tashabbusi bilan Peshku Jamoat salomatligi texnikumida “Milliy madhiya — milliy g‘ururimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Unda partiya faollari, tuman hokimligi mas’ullari hamda texnikum talabalari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida davlat ramzlarining mazmun-mohiyati, ularning mamlakatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati xususida atroflicha fikr yuritildi.


Ayniqsa, davlat ramzlari mustaqil O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy maqomi, milliy qadriyatlari va xalqimizning Vatanga bo‘lgan sadoqatini ifoda etuvchi muqaddas timsollar ekani ta’kidlandi. Zero, bayroq — yurtning sha’ni va g‘ururi, gerb — davlatning tarixiy va ma’naviy qiyofasi, madhiya esa xalqning qalb sadosidir.
Davlat madhiyasi haqida so‘z ketganda esa bu tuyg‘u yanada teranlashadi. Unda xalqimizning ezgu orzu-intilishlari, ona Vatanga muhabbati, yurt kelajagiga ishonchi va faxr-iftixori mujassam. U yangraganda inson beixtiyor qaddini tiklaydi. Bu oddiy harakat emas. Bu — “Men shu yurt farzandiman” degan ichki iftixorning namoyoni.
Shu bois yoshlarni davlat ramzlariga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning mazmun-mohiyatini chuqur anglatish vatanparvar, faol va fuqarolik mas’uliyatini his etadigan avlodni kamolga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, milliy qadriyatlarga hurmatini mustahkamlash va jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bugungi kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ana shu ezgu maqsadlarning joylardagi amaliy ifodasidir.
Davra suhbatida talabalar bilan davlat ramzlari bo‘yicha fikr va mulohazalar almashildi, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi. Bunday ochiq muloqotlarning ahamiyati shundaki, yoshlar tayyor ma’lumotni shunchaki eshitibgina qolmay, o‘z fikrini bildirish, savol berish va davlat ramzlarining hayotimizdagi ahamiyati haqida mustaqil mushohada yuritish imkoniga ega bo‘lishadi.


Chunki vatanparvarlikni faqat shiorlar bilan shakllantirib bo‘lmaydi. U avvalo insonning qalbida tug‘ilishi, bilimi va hayotiy qarashlari bilan mustahkamlanishi kerak.
Tadbir yakuni esa yana bir ezgu an’ana — fidoyi inson mehnatini munosib qadrlash bilan davom etdi.
Partiya faoliyatida faol ishtirok etib, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Farhod Boltayevning mehnati e’tirof etildi. Unga partiyaning “Adolat” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Bu e’tirof bir insonning mehnatiga berilgan baho bo‘lish bilan birga, partiya safida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan faollarga hurmat va e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi. Aslida, davlat ramzlariga hurmat insonning Vatanga munosabatini namoyon etadi.
Bayroq hilpiraganda, gerbimizga ko‘z tushganda, madhiyamiz yangraganda qalbimizda uyg‘onadigan iftixor tuyg‘usi — bu mustaqillikning ma’naviy mevasidir.
Shuning uchun bu tuyg‘uni yosh avlodga singdirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Chunki bugun ramzlarga hurmat bilan qaragan yosh ertaga Vatan taqdiriga mas’uliyat bilan yondashadi.
Madhiya — shunchaki qo‘shiq emas. U xalqning qalbidan chiqqan Vatan sadosidir. U yangraganda har bir yurakda “O‘zbekiston” degan buyuk tuyg‘u yana bir bor jo‘sh uradi. Ana shu tuyg‘uni asrash, uni avloddan avlodga yetkazish — barchamizning muqaddas burchimizdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri