Madaniyat markazi yangi qiyofada
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida aholining madaniy-ma’rifiy hayotini boyitish, yoshlarning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, mahallalarda zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Bu gal tumandagi “Ko‘rishkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 42-sonli “Mustaqillik” madaniyat markazi tubdan yangilanib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, madaniyat va san’atni rivojlantirish, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy kamolotini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada madaniyat muassasalarini zamonaviylashtirish, ularni aholiga yaqinlashtirish va har bir mahallada ijodiy muhitni shakllantirish muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Shofirkondagi mazkur madaniyat markazining qayta ta’mirlanib, jihozlanishi ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Loyiha uchun jami 997 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shundan 847 million so‘m binoni zamonaviy talablar asosida ta’mirlash va atrofini obodonlashtirishga, 150 million so‘m esa markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uni zarur mebel, jihozlar va texnik vositalar bilan ta’minlashga sarflandi.
Qurilish-ta’mirlash ishlari “Multicolor” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bajarildi. Natijada markazning tashqi va ichki qiyofasi tubdan o‘zgarib, tashrif buyuruvchilar, ijodiy jamoalar va madaniy tadbirlar ishtirokchilari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Yangi madaniyat markazining ochilish marosimida tuman hokimligi mutasaddilari, nuroniylar, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar hamda soha xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar madaniyat va san’at muassasalari jamiyatning ma’naviy hayotida tutgan o‘rni, milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgulik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldilar.
Darhaqiqat, madaniyat markazi faqat tadbirlar o‘tkaziladigan bino emas. U mahallada ijodiy muhitni shakllantiradigan, turli avlod vakillarini birlashtiradigan, yoshlarning qiziqish va iste’dodini kashf etishga xizmat qiladigan ma’naviy maskandir. Shu jihatdan, bunday muassasalarning zamonaviy qiyofa kasb etishi bilan birga, mazmunan ham boyib borishi muhimdir.
Yangilangan “Mustaqillik” madaniyat markazida buning uchun yetarli imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, turli yo‘nalishdagi ijodiy to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun maxsus mashg‘ulot xonalari, zamonaviy tomosha zali, nuroniylar maskani hamda yoshlarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi “Zakovat” intellektual klubi uchun alohida xonalar tashkil etilgan.
Bu yerda bolalar va yoshlar musiqa, san’at, adabiyot hamda boshqa ijodiy yo‘nalishlarda o‘z qobiliyatini rivojlantirishi, bilim va mahoratini oshirishi mumkin. Eng muhimi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi.
Markazda nuroniylar uchun alohida maskan tashkil etilgani ham e’tiborga molik. Bu yerda yoshi ulug‘ insonlar mazmunli hordiq chiqarishi, o‘zaro muloqot qilishi, boy hayotiy tajriba va ma’naviy merosini yosh avlod bilan baham ko‘rishi mumkin. Bu esa avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlash, ustoz-shogird an’analarini davom ettirishga xizmat qiladi.

Loyihaning qamrovi va ijtimoiy ahamiyati ham salmoqli. Yangilangan madaniyat markazi nafaqat Ko‘rishkent mahallasi, balki unga tutash yana 15 ta mahallada yashovchi jami 55 ming nafar aholiga madaniy-ma’rifiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bu esa hududda konsert dasturlari, ijodiy uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy kechalar, intellektual bellashuvlar va turli madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etish uchun mustahkam zamin yaratadi. Ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni san’at va ijodga jalb qilish, yangi iste’dodlarni kashf etish borasida markazning imkoniyatlari keng.
Tantanali marosimda madaniyat markazini ta’mirlash va jihozlash ishlarida faol ishtirok etgan quruvchilar, mutaxassislar, mas’ullar hamda mahalla faollariga minnatdorlik bildirildi. Ishtirokchilar yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, markazning kelgusidagi faoliyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri