Surxondaryoda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik holati ko‘rib chiqildi
Surxondaryo viloyatida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tegishli xizmatlarning tezkor harakatlanishi va o‘zaro hamkorligini takomillashtirishga qaratilgan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tdi.
Mashg‘ulotlarning ikkinchi kunida dastlabki natijalar sarhisob qilinib, mavjud kuch va vositalarning shaylik darajasi hamda navbatdagi vazifalar muhokama etildi.
Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Nuriddin Qodirov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mas’ul idoralarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hodisalarga tezkor munosabat bildirish va ularning oqibatlarini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish, aholi xonadonlarida is gazidan zaharlanish va yong‘in bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni kamaytirish yuzasidan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Bu borada mutasaddi tashkilotlarga aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, isitish vositalaridan xavfsiz foydalanish qoidalarini keng targ‘ib etish hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Shuningdek, o‘quv mashqlariga jalb etilgan kuch va vositalarning saf ko‘rigi o‘tkazildi. Unda maxsus xizmatlarning belgilangan vazifalarni bajarishga tayyorligi, texnika va jihozlarning shaylik holati ko‘zdan kechirildi.
[gallery-32263]
qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari favqulodda vaziyatlarda mas’ul xizmatlarning hamkorlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish, tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda aholi hayoti va mol-mulkini muhofaza qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA