Ichki ishlar organlari xodimlari sharaflandi
Termiz shahridagi San’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Inoqov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, soha faxriylari, ichki ishlar organlari xodimlari hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi shahar va tuman ichki ishlar organlari rahbarlariga yangi xizmat avtomashinalarining kalitlarini topshirdi. Mazkur tashabbus tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlar uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tantana doirasida ichki ishlar organlari faoliyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va zamonaviy imkoniyatlarni aks ettiruvchi maxsus ko‘rgazma tashkil etildi. Unda zamonaviy texnikalar, maxsus xizmat avtomashinalari, qurol-aslaha va turli uskunalar namoyish qilindi.
Shuningdek, ichki ishlar organlarining shakllanish va rivojlanish tarixi, soha xodimlarining fidokorona xizmat faoliyatiga bag‘ishlangan «Sadoqat va jasorat solnomasi: Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlari tarixi» nomli yangi kitob-albom taqdimoti o‘tkazildi.
Marosimda xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, faoliyatida yuqori natijalarga erishayotgan bir guruh xodimlar viloyat hokimi hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan munosib taqdirlandi.
Shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlar xotirasi yodga olindi. Ularning oila a’zolariga alohida ehtirom ko‘rsatilib, e’tibor va rag‘bat namoyon etildi.
[gallery-32261]
Tantanali tadbir san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar va bayramona konsert dasturi bilan davom etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA