Harbiy aviatsiya yuqori professionallik va mas’uliyatni talab etadi
Parlament quyi palatasida harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi maromiga yetkazilmoqda.
Qonun loyihasida oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan kontrakt munosabatlarini takomillashtirish, ularning kasbiy tayyorgarligi va orttirgan tajribasidan samarali foydalanishga xizmat qiluvchi huquqiy mexanizmlarni belgilash nazarda tutilmoqda.
Ushbu loyiha Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan Mudofaa vazirligi mas’ul rahbarlari, huquqshunoslar ishtirokida muhokama qilindi. Muhokamalar jarayonida ayrim normalarni takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar berildi.
Ta’kidlanganidek, zamonaviy harbiy aviatsiya yuqori bilim, professional tayyorgarlik va yuksak mas’uliyatni talab etadi. Shu bois, uchuvchi mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga sarflanayotgan vaqt va resurslar samaradorligini oshirish, ularning orttirgan malaka va tajribasidan samarali foydalanish uchun zarur huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish muhim. Bu borada mazkur qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalar harbiy aviatsiyaning professional salohiyatini yanada yuksaltirishga, sohaning huquqiy mexanizmlarini aniq belgilashga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA