Barqarorlikni ta’minlashda ayollar diplomatiyasining ahamiyati
Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik zonasida “Tinchlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishga erishishda ayollarning roli” mavzusida Xalqaro ayollar muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Mavluda Xo‘jayeva ham ishtirok etdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur xalqaro tadbirda xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi rolini yanada oshirish, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda ayollar diplomatiyasining ahamiyati muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirish, ularning siyosiy va jamoat jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Muloqot doirasida Markaziy Osiyo davlatlari ayollari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shuningdek, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda ayollarning rolini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
M.Komilova,
O‘zA