Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish hamda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Yaqinda Prezidentimiz farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini shakllantirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqishdir.
Yangi vazirlik oldiga maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlar va ilmiy faoliyat o‘rtasida uzviylikni ta’minlash, tizimni yagona yondashuv asosida boshqarish vazifasi qo‘yilgan. Bunda ta’lim mazmunini zamon va mehnat bozori talablariga moslashtirish, raqobatni rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda sohaning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Taqdimotda yangi vazirlik faoliyatini joylardagi haqiqiy holatga tayanib tashkil etish, takrorlanuvchi vazifalarni qisqartirish va hududiy bo‘g‘inlar mas’uliyatini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Boshqaruvni raqamlashtirish va tahliliy salohiyatni oshirish qarorlarni ishonchli ma’lumotlar asosida qabul qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Maktabgacha ta’limda bolani har tomonlama rivojlantirish, dastur va metodikalarni yangilash hamda tarbiyachilar malakasini oshirishga e’tibor qaratildi. Shuningdek, bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlash, ta’lim muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Maktab ta’limida darsliklarni yangilash, o‘quvchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini izchil rivojlantirish hamda ularni baholash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Pedagoglarga metodik yordam ko‘rsatishda sun’iy intellektdan foydalanish, ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim berish tajribasini o‘tkazish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish taklif etildi.
Kasbiy ta’lim bo‘yicha yoshlarning qiziqishlarini erta aniqlash, texnikumlar dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish va ularning moddiy bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat berildi. Korxonalar bilan hamkorlikda dual ta’limni kengaytirish, xalqaro dasturlar va zamonaviy o‘quv materiallarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Oliy ta’limda universitetlar mustaqilligini kengaytirish, boshqaruv sifatini va rahbarlarning natija uchun mas’uliyatini oshirish taklif qilindi. Shu bilan birga, yetakchi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ta’limni ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish va talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ilm-fan sohasida ilmiy klasterlarni rivojlantirish, universitetlar, laboratoriyalar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi. Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda ular asosida yangi mahsulotlar va korxonalar yaratish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Taqdimot davomida Prezidentimiz ta’limning bog‘chadan oliygohgacha bo‘lgan barcha bosqichlari yagona vertikal sifatida ishlashi, ayniqsa maktab va universitet o‘rtasidagi uzviylik mustahkamlanishi zarurligini ta’kidladi. Har bir bosqichda ta’lim sifatiga e’tiborni kuchaytirish, bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash va bu qadriyatlarga butun ta’lim jarayonida va ilmiy faoliyatda tayanish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilib, rektorlar o‘z universitetining yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda qanday rivojlanishi haqida aniq tasavvur va rejaga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish topshirildi.