Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan o‘rganishlar olib borildi
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Bu borada ayniqsa, aholi ko‘p va zich joylashgan poytaxtimiz hududlarida muayyan chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi aholiga qulaylik yaratish, turli ko‘ngilsizliklarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar deputatlarning ham doimiy diqqat-markazida bo‘lib turibdi. Xususan, xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan deputat G.Rahmonova o‘zi saylangan "Zangiota" mahalla fuqarolar yig‘inida oqova suv tarmoqlari masalasi bo‘yicha ishlarni o‘rgandi.
Aholi murojaatlari asosida olib borilgan o‘rganishlar davomida partiyaning Toshkent shahar Kengashi raisi hamda mutasaddi tashkilotlar mas’ul xodimlari va mahalla faollari ishtirok etdi.
O‘rganishda mahalla hududidagi Jizzax va Besh Lola ko‘chalarida aholiga qulaylik yaratish maqsadida oqova suv tarmoqlarini o‘rnatish bo‘yicha olib borilgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Mazkur hududlarda 220 metr uzunlikdagi oqova suv tarmoqlarini o‘rnatish ishlari olib borilib, ushbu ko‘chalardagi xonadonlarga to‘liq ulangani ma’lum bo‘ldi.
Xalq vakili kuz-qish mavsumiga hozirlik ko‘rish borasidagi boshqa sa’y-harakatlar bilan ham yaqindan tanishib, tegishli tavsiyalar berdi.
M.Komilova,
O‘zA