Bir bankda kiberxavf aniqlansa, boshqa banklar ham real vaqtda ogohlantiriladi
Bank tizimida kiberxavfsizlik masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bir tashkilotga qilingan kiberhujum qisqa vaqt ichida boshqa moliya tashkilotlari yoki ularning mijozlariga ham xavf tug‘dirishi mumkin. Endi bunday tahdidlarni aniqlash va ularga qarshi chora ko‘rishda banklar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Markaziy bankning «CERT-CBU» Kiberxavfsizlik markazi tomonidan tegishli davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda moliya bozori ishtirokchilari o‘rtasida kibertahdidlar haqida real vaqt rejimida axborot almashish tizimi joriy etildi.
Yangi tizimning mohiyati shundaki, agar bir bankda yangi fishing havolasi, zararli internet-resurs, shubhali IP-manzil yoki kiberhujum bilan bog‘liq boshqa xavf belgisi aniqlansa, bu haqdagi ma’lumot tizimning boshqa ishtirokchilariga ham tezkor ravishda yetkaziladi. Masalan, bir bank mutaxassislari mijozlarga yuborilayotgan shubhali havolani aniqlasa, ushbu ma’lumot boshqa ishtirokchilar uchun ham signal vazifasini bajaradi. Natijada ular tahdid o‘z tizimi yoki mijozlariga yetib bormasidan oldin tegishli himoya choralarini ko‘rishi mumkin. Shu tariqa, kiberxavfga qarshi kurashishda har bir tashkilot alohida harakat qilmaydi, balki yagona axborot maydonida hamkorlik qiladi.
Ayni paytda axborot almashish tizimiga, barcha tijorat banklari, barcha to‘lov, tizimi operatorlari, Valyuta birjasi, Kredit axboroti tahliliy markazi (KATM) kredit byurosi, 20 ta to‘lov tashkiloti ulangan. Ular orasida ATTO, Alif, Atmos, Beelab, Choykhona, Click, Freedom Pay, Open, Global Solutions, Oson, Paylov, Payme, Paynet, Payze, Plum Technologies, Infinity Pay, Sello, «O‘zbekiston pochtasi», Uzum Nasiya va Devhub kabi tashkilotlar bor.
Mazkur mexanizmning eng muhim jihati — kibertahdid aniqlanganidan keyin unga javob berish vaqtini qisqarishiga erishiladi. Avval bir tashkilotda aniqlangan xavfni boshqa ishtirokchilar mustaqil ravishda aniqlashiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, endi ular tayyor signal asosida profilaktik chora ko‘rishi mumkin. Bu esa zararli resurslarni bloklash, shubhali faollikni nazorat qilish va mijozlarni ogohlantirish kabi choralarni tezroq amalga oshirish imkonini beradi.
Bunday yondashuv kibertahdidlarning moliya tizimi bo‘ylab tarqalish xavfini kamaytirish, hujumlarga tezkor javob qaytarish va aholining raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanishda xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi. Texnologik himoya qanchalik kuchli bo‘lmasin, firibgarlikning oldini olishda foydalanuvchining hushyorligi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu sababli Markaziy bank fuqarolarni yana bir bor ogohlantiradi: bank kartasining maxfiy ma’lumotlari, SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlari, parol va boshqa xavfsizlik ma’lumotlarini hech kimga aytmaslik kerak.
Ayniqsa, o‘zini Markaziy bank yoki bank xodimi sifatida tanishtirib, karta ma’lumotlarini so‘raydigan, SMS-kodni ayttirishga yoki pulni boshqa hisob raqamiga o‘tkazishga undaydigan shaxslarga ishonmaslik lozim. Bank xodimi sizdan karta PIN-kodi yoki SMS orqali kelgan tasdiqlash kodini so‘ramaydi. Shubhali qo‘ng‘iroq yoki xabar kelganda esa muloqotni to‘xtatib, bankning rasmiy aloqa kanallari orqali ma’lumotni tekshirish eng to‘g‘ri yo‘ldir.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA