Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlandi
“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan boshlab yuborildi. Ushbu jarayonda aholiga tabiiy gazni barqaror va uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash asosiy maqsad qilib belgilangan.
Ayni paytda hududlarda rekonstruksiya ishlari, gaz taqsimlash qurilmalarini kapital ta’mirlash, ularni taftish qilish, demontaj ishlari hamda boshqa zarur jarayonlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning shu davriga qadar mavsumga tayyorgarlik doirasida viloyat bo‘yicha 0,3 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi, 12 ta gaz taqsimlash qurilmasi kapital ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 138 ta qurilma taftish qilingan bo‘lsa, 36 tasi demontaj qilindi. Bundan tashqari, 31,7 kilometr gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirildi.

Joriy yilda 9 397 ta xonadonni uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar qariyb 2,9 mingta xonadon mazkur tizimga o‘tkazildi.

Ayni kunlarda aholiga sifatli tabiiy gaz yetkazib berish maqsadida gaz quvurlariga filtrlar o‘rnatish, gaz taqsimlash qurilmalari hamda gaz quvurlarini texnik nazoratdan o‘tkazish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri