OTB Samarqandda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga yordam beradi
Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida bank mas’ullari va Samarqand viloyati viloyat hokimining uchrashuvida bu masala muhokama qilindi.
Adiz Boboyev xalqaro moliyaviy instituti bozorlarni rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklik idorasi rahbari Takeo Koike hamda 1-maslahat bo‘limi direktori Muhammad Azim Hoshimi bilan muloqotda Samarqandda qariyb 100 ta maktabgacha ta’lim muassasasini davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va foydalanishga topshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda viloyatdagi 43 ta bog‘chani to‘liq ta’mirlash uchun saralash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, yangi qurilishlar uchun viloyat hokimligi tomonidan qariyb 80 ta yer maydoni taklif etilishi rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish bosqichlari ham ma’lum, ya’ni 2026-yilning ikkinchi choragida ikki bosqichli tender jarayoni boshlanadi. 2027-yilda g‘olib investor bilan davlat-xususiy sheriklik shartnomasini imzolash ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlarini 2030-yilga qadar to‘liq yakunlash rejalashtirilmoqda.
Adiz Boboyev yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini qurishda hududlarning aniq ehtiyojlarini inobatga olish muhimligini ta’kidlab, zarur yer maydonlarini puxta shakllantirish lozimligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu loyihani samarali amalga oshirish yo‘lida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri