Kun tarixi: geodeziya faniga qaysi ulug‘ ajdodimiz asos solgan?
Vatanimiz tarixidagi 20 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1025 yil (bundan 999 yil oldin) – Abu Rayhon Beruniy G‘aznada o‘zining “Geodeziya” asarini yozib tugalladi. Mazkur kitob amaliy astronomiya va matematik geografiyaga bag‘ishlangan bo‘lib, unga Urganchda boshlagan izlanishlarining natijalari ham kiritilgan edi. Tilshunos olim Azimxo‘ja Otaxo‘jayevning ma’lumot berishicha, “Geodeziya”deb nomlangan mazkur asar dastlab “Aholi turarjoylari oralig‘idagi masofani aniqlash uchun joylarning chegarasini belgilash” deb atalgan edi. Keyinchalik bu asar “Geodeziya” deb qayta nomlandi.
Beruniy bu asari bilan Geodeziya faniga asos soldi va avvalgi geografik muhitga oid taassurotlarga jiddiy tuzatishlar kiritdi.
Jumladan, Hind va Atlantika okeanlari Afrika janubida tutashishini ilmiy jihatdan isbotlab berdi. Beruniyning mazkur asari qanchalik qimmatga ega bo‘lmasin, u buning uchun taqdirlanmadi va o‘z asarini biror-bir hukmdorga bag‘ishlamadi ham.
Mazkur asar qiziqarli ma’lumotlarga boy. Masalan, Beruniy bu asarda Xorazmning paydo bo‘lishi to‘g‘risida quyidagicha hikoya qiladi. Jayxun daryosi (Amudaryo) katta qoyalar orasidan o‘tib bu yerda ko‘l hosil qilgan edi. Jayxun daryosining loyqasi ko‘p, suvi mo‘l, oqimi tez bo‘lgan. Sekin-sekin daryo mansabida yer paydo bo‘la boshlagan. So‘ng u yer bora-bora quruqlikka aylangan. Ko‘l chekinib borib oxiri Xorazm yeri suv ostidan butunlay ochilgan.
1261 yil (bundan 763 yil oldin) – kubroviylik tariqatining yirik namoyandasi, asli Hirot yaqinidagi Boharz qishlog‘idan bo‘lgan Shayx Sayfiddin Boharziy vafot etdi va Buxoroda dafn etildi. Ba’zi adabiyotlarda uning tavallud sanasi sifatida 1190 yil 8 sentyabr sanasi qayd etilgan.
Shayx Sayfiddin Boharziy hayotining asosiy qismini Movarounnahrda va ko‘proq Buxoroda o‘tkazgan, shahardagi Xoniya madrasasining mudarrisi va mutavallisi bo‘lgan. O‘z zamonida g‘oyat ulug‘vor “Shayx ul-olam” (“Olam shayxi”) unvonini olgan bu zot vatanparvarlik, musulmonlik ruhini o‘z ustozi Najmiddin Qubrodan olgan.
1918 yil (bundan 106 yil oldin) – Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligi qoshida respublika ma’muriy organi sifatida maktabgacha tarbiya bo‘limi tashkil etildi.
1926 yil (bundan 98 yil oldin) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavallud topdi (vafoti 2009 yil). U 1994 yilda “Do‘stlik”, 1998 yilda esa “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, ayrim adabiyotlarda Odil Yoqubovning hujjatlarda 1926 yilning 20 oktyabrida tug‘ilgani qayd etilgan bo‘lsa-da, aslida u 1927 yilda tavallud topgani haqida yozilgan.
1943 yil (bundan 81 yil oldin) – Toshkentda bo‘lib o‘tgan musulmonlar vakillari qurultoyida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi (1996 yildan O‘zbekiston musulmonlari idorasi) ta’sis etildi.
Boshqarmaning birinchi muftiysi etib Toshkentning mashhur ulamosi 85 yoshli Shayx Eshonboboxon ibn Abdulmajidxon, u kishining noibi etib o‘g‘illari shayx Ziyouddinxon ibn Eshonboboxon tayinlangan edi. Boshqarma idorasi avval Eshonboboxon uylarida bo‘lib, keyinchalik 1955 yilda Baroqxon madrasasi ta’mir etilib, o‘sha yerga ko‘chib o‘tgan.
1967 yil (bundan 57 yil oldin) – bokschi, xalqaro sport ustasi, “O‘zbekiston iftixori”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi Artur Grigoryan tavallud topdi. U “Qirol Artur” nomi bilan tanilgan. Chempionlik kamarining biri Toshkentdagi Olimpiya shoh-shuhrati muzeyida saqlanadi. 1996 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
1969 yil (bundan 55 yil oldin) – Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti faoliyat boshladi.
1994 yil (bundan 30 yil oldin) – Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bekning 600 yillik yubileyiga bag‘ishlab ko‘p rangli pochta markalari turkumi muomalaga chiqarildi. Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi, Buxorodagi Ulug‘bek madrasasi, Ulug‘bek yashagan davrdagi astronomik asboblar, Toshkentdagi Ulug‘bek haykali aks ettirilgan mazkur markalarni rassom Yu. Gabzalilov ishlagan.
1997 yil (bundan 27 yil oldin) – Xiva shahrining 2500 yilligi nishonlandi. Ark maydonida Xivaning qadimiy tarixi va buguni haqida hikoya qiluvchi teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.
1999 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Jaloliddin Manguberdining 800 yillik yubileyiga atab 25 so‘m qiymatga ega bo‘lgan yodgorlik tangani muomalaga chiqardi. Tanganing o‘ng tomonida jangovar qurol-aslaha taqqan Jaloliddin Manguberdining byust tasviri berilgan, orqa tomonda – tanganing markazida O‘zbekiston Respublikasining Gerbi tasvirlangan.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – Samarqand shahridagi “Chorsu” tasviriy san’at galereyasida “Buyuk Samarqand” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi. Undagi ijod namunalarida Samarqandning maftunkor tabiati, tarixiy obidalari, zamonaviy qiyofasi aks ettirilgan.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi.