Ko‘p kvartirali uylarni ruxsatnomasiz qurish uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Qonun (O‘RQ-1179-son, 28.09.2026 y.) bilan qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalaridan ruxsatnoma olish talab etiladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Shuningdek, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish odam o‘lishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zA