Kitobda kitob bayrami
Kitob tumani hokimligida mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv va yangi kutubxona ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugun jonajon yurtimizda ulug‘ va aziz bayram — O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi shodiyonalari keng nishonlanmoqda.
Ushbu qutlug‘ sana arafasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan respublikamiz bo‘ylab katta ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar karvoni tashkil etilmoqda. Mazkur adabiy karvonning navbatdagi manzili sifatida nomi ham ilm-ma’rifat bilan uyg‘un bo‘lgan Kitob tumanining tanlangani alohida ahamiyat kasb yetdi.
Kitob tumani hokimligida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv hamda yangi kutubxonaning ochilish marosimi haqiqiy bayramga aylanib ketdi.

Tadbirni Kitob tumani hokimi Rustam G‘afurov yurtimizda ma’naviyat va ma’rifatni yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid hamda «XXI asr» gazetasi bosh muharriri, yozuvchi va publitsist Norqobil Jalil ishtirok etdi.

Ijodkorlar tomonidan kitobning inson ma’naviyati va tafakkurini yuksaltirishdagi beqiyos o‘rni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish, yoshlarni adabiyot va ijod olamiga keng jalb etish masalalari yuzasidan fikrlar bildirildi. Samimiy muloqot davomida adabiyot, ma’rifat va kitobxonlikning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirning eng muhim voqealaridan biri — yangi kutubxonaning tantanali ochilishi bo‘ldi. Zamonaviy va shinam maskan endilikda tuman aholisi, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning kitobga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda ilmiy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan kutubxonaga kitoblar to‘plami topshirildi. Ushbu ezgu tashabbus yangi kutubxona fondini boyitish bilan birga, kitobxonlar uchun adabiyotlarning yanada keng va rang-barang tanlovini yaratishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yangi kutubxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ijodkorlar bilan samimiy muloqot qildi.
Darhaqiqat, kitob — inson tafakkurini boyitadigan, ma’naviyatini yuksaltiradigan va kelajak sari yo‘l ko‘rsatadigan bebaho manba. Yangi kutubxonaning foydalanishga topshirilishi esa Kitob tumanida ma’rifat va kitobxonlik muhitini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
* * *
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Istiqlol ayyomi arafasida mustaqillikning sharafli 35 yilligi arafasida Kitob tumani hokimligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda soha vakillari, jumladan, ona tili va adabiyoti fani muallimlari, nuroniylar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari qatnashdi.
Kitob tumani hokimi Rustam G‘ofurov ulug‘ bayram arafasida uyushtirilgan ma’rifiy kecha doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taqdim etilgan mingdan ortiq kitobning hokimlik binosida ochilgan yangi kutubxonaga topshirilishi xayrli ish ekanini alohida ta’kidladi.


O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid, uyushma a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Norqobil Jalil, taniqli shoir va adiba Lola O‘roqova, uyushma a’zolari Bahodir Bahrom, Salohiddin Isomiddinov, Yashin To‘rayev ushbu bayramona tadbirning ahamiyati, o‘rni naqadar aziz va qadrli ekanini e’tirof etdi. O‘z ijod namunalaridan ham o‘qib berishdi.
Bayram bayramga ulanib ketdi. Navbatdagi tadbirlar tumandagi mahalla va qishloqlarda ham davom etishi aytib o‘tildi. Tuman hokimining izoh berishicha, yaqin kunlarda 35 ta mahallada 35 ta kutubxona ochilar ekan. Asosiysi, ular uchun barcha turdagi minglab kitoblar olib kelindi.
Kitob o‘z nomi bilan kitob. Tuman ham o‘z nomiga munosib ravishda kelajakda chin ma’noda kitobxonlar manziliga aylanadi.
O‘zA