Kiberta’lim sari ildam qadamlar
Toshkent viloyati Nurafshon shahrida joylashgan Cyber University davlat oliygohida ta’lim jarayonlari va talabalarga yaratilgan zamonaviy sharoitlarni tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur o‘tkazildi.
Tadbir doirasida jurnalistlarga dastlab universitetning zamonaviy infratuzilmasi ko‘rsatildi. Ular o‘quv binolaridagi kriptografiya, Wi-Fi Bridge va VoIP texnologiyalariga ixtisoslashgan laboratoriyalar, 300 o‘rinli Axborot resurs markazi, 501 o‘rinli faollar zali hamda raqamli ta’lim muhitini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, ishtirokchilar talabalar uchun barcha qulayliklarga ega ko‘p qavatli talabalar turar joyi, oshxona, sport majmuasi va "Green Campus" konsepsiyasi asosida barpo etilgan ekologik infratuzilma haqida ma’lumotlar oldi. Quyosh panellari, suvni qayta ishlash tizimi hamda energiya tejamkor texnologiyalar universitetning ekologik mas’uliyatga alohida e’tibor qaratayotgani esa quvonarlidir.

Shundan so‘ng mazkur oliygoh rektori Shuhrat Qayumov hamda mas’ul mutaxassislar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ta’lim dargohining faoliyati, qabul jarayonlari, ta’lim dasturlari, xalqaro hamkorlik va kelgusidagi istiqbolli rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bugun raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalari dunyoda asosiy drayverlaridan biriga aylangan. Axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarga esa doim har jabhada talab yuqori bo‘lyapti. Shu nuqtai nazardan Cyber University mamlakatimiz uchun raqamli transformatsiya jarayoniga munosib hissa qo‘sha oladigan kadrlarni tayyorlashni o‘zining ustuvor vazifasi sifatida belgilagan.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, universitetga qabul Bilim va malakalarni baholash agentligi natijalari asosida amalga oshiriladi.

– Bu yil bakalavriat uchun 1 ming 200 ta, magistratura uchun esa 75 ta qabul kvotasi ajratilgan, – deydi qabul komissiyasi raisi Ulug‘bek Saidg‘aniyev. – Talabalikka qabul qilinganlar davlat granti asosida tahsil olish imkoniyati ham mavjud. Shuningdek, "Cyber Academy" tayyorlov kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan yoshlar imtihon orqali qabul qilinishi, xalqaro IT sertifikatlari yoki nufuzli CTF musobaqalari g‘oliblari esa suhbat asosida talaba bo‘lishi ma’lum qilindi.
Muhimi, bu universitetda ta’lim jarayoni nazariya va amaliyot uyg‘unligi asosida tashkil etilgan. Darslar birinchi bosqichda o‘zbek va rus tillarida o‘tilsa, yuqori kurslarda ingliz tilida olib boriladi. Bu esa talabalarning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan White Hacker, AI Engineer, IoT Defender, Code Master kabi texnik yo‘nalishlar, shuningdek, raqamli kriminalistika, kiberxavfsizlik menejmenti va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha ham kadrlar tayyorlanayotgani qayd etildi. Oliygohning xalqaro hamkorligiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, “Stanford Engineering Center for Global & Online Education”, “Xidian University” hamda “University of Washington” kabi nufuzli xalqaro universitetlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani talabalar uchun tajriba va akademik almashinuv imkoniyatlarini yanada kengaytirayotgani ta’kidlandi.

Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sardorlik qobiliyatini rivojlantirish va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xakatonlar, CTF musobaqalari, “Startup Garage” loyihalari, til kurslari va yozgi ta’lim dasturlari muntazam tashkil etilayotgani ham ma’lum qilindi. Yakunda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga universitet rahbariyatidan atroflicha javob oldi.
A.Musayev, O‘zA