Kemran polvon - jahon chempioni
Gruziyaning Tbilisi shahrida para dzyudo bo‘yicha jahon chempionati start oldi. Musobaqaning birinchi kunida O‘zbekiston vakillari bir oltin va ikki bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Kemran Nurillayev o‘z vazn toifasida barcha raqiblaridan ustun kelib, jahon chempioniga aylandi. Shohrux Mamedov va Kumushxon Xo‘jayeva esa bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning ochilish marosimida Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti, Xalqaro ko‘zi ojizlar sporti federatsiyasi prezidenti, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti hamda qator mutasaddilar ishtirok etdi.
Kun yakunida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev ham ishtirok etib, sportchilarni mukofotladi.
Qayd etish joiz, para dzyudo bo‘yicha jahon chempionati 27-sentabrga qadar davom etadi.

Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA