"Aichi-Nagoya-2026": Yengil atletikachilarimiz medallarni ko‘zlamoqda
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarida bugun, 26-sentabr kuni yengil atletika bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazilmoqda. Unda hamyurtlarimiz ham ishtirok etmoqda.
Jumladan, yengil atletikaning o‘nkurash bahslarida Zahiriddin Shokirov va Nodir Norboyev mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda.
100 metrga yugurish bahslarida Zahiriddin Shokirov oltinchi, Nodir Norboyev to‘rtinchi natijani qayd etdi. Uzunlikka sakrashda esa Zahiriddin Shokirov 7,35 metr natija bilan to‘rtinchi, Nodir Norboyev 7,04 metr bilan sakkizinchi o‘rinni egalladi.
Yadro uloqtirish dasturi yakunlariga ko‘ra, Nodir Norboyev 13,09 metr natija bilan oltinchi, Zahiriddin Shokirov 12,65 metr natija bilan to‘qqizinchi bo‘ldi. Shu tariqa, uchta dastur yakuniga ko‘ra, hamyurtlarimiz mos ravishda yettinchi va sakkizinchi o‘rinlarni egallab turibdi.
Shuningdek, yengil atletikachimiz Shohrux Davlatov marafon bahsida to‘qqizinchi bo‘lib marraga yetib keldi. U 42 kilometr 195 metr masofani 2 soat 17 daqiqa 44 soniyada bosib o‘tdi.
[gallery-31625]
Bugun yengil atletikachilarimiz ishtirok etadigan bahslar:
15:55 — ayollar, 200 metr, saralash — Laylo Allaberganova
16:10 — ayollar, 200 metr, saralash — Jonbibi Hukmova
16:35 — erkaklar, uch xatlab sakrash, final — Ibrohim Mahkamov
17:45 — ayollar, 400 metr, final — Jonbibi Hukmova
18:15 — ayollar, 1500 metr, final — Sabohat Samijonova.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat)
O‘zA